Jahon | 19:04
2423
3 daqiqa o‘qiladi

Melaniya Tramp Epshteyn bilan deyarli tanish bo‘lmaganini aytdi

U o‘zi va Donald Trampni aynan Jyeffri Epshteyn tanishtirgani haqidagi gaplarni qat’iyan rad etgan va bunday mish-mish tarqatishni to‘xtatishni talab qilgan.

Foto: Reuters

AQShning birinchi xonimi Melaniya Tramp payshanba kuni Oq uyda jurnalistlar qarshisiga chiqib, go‘yoki uni bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Donald Tramp bilan aynan Epshteyn tanishtirgani haqidagi mish-mishlar – uning obro‘sini to‘kishga qaratilgan g‘arazli urinishlar ekanini aytdi.

Bundan tashqari, Melaniya Tramp Kongressda Epshteyn tomonidan jinsiy ekspluatatsiya qurboni bo‘lganlar ishtirokida tinglovlar o‘tkazishga chaqirgan.

Melaniya Tramp nega aynan shunday chiqish qilgani ma’lum emas. Birinchi ledining idorasi jurnalistlarni tayyorlanayotgan bayonot haqida oldindan xabardor qilmagan.

Melaniya Tramp Epshteyn bilan deyarli tanish bo‘lmagani va u bilan yo‘llari faqat 2000 yilda qisqa muddatga kesishgani haqida gapirgan. 

Melaniya Trampning aytishicha, u Donald Tramp bilan 1998 yilda Nyu-Yorkdagi kechki ziyofatlardan birida tanishgan, Epshteyn bilan esa faqat ikki yil o‘tib, boshqa bir ziyofatda ko‘rishgan, u o‘sha yerga Tramp bilan borgandi.

U shuningdek Epshteynning jinsiy ekspluatatsiyasi qurbonlaridan biri emasligini va uning qiziqishlari haqida hech narsa bilmaganini aytgan.

«Men Epshteyn o‘z qurbonlari bilan qanday munosabat qilishi haqida hech narsa bilmaganman. Men bunga hech qanaqasiga aloqador bo‘lmaganman. Men bunda ishtirok etmaganman», – deydi u.

Melaniya Tramp «o‘zini sharmandali Jyeffri Epshteynga bog‘laydigan yolg‘onlarni bugunoq to‘xtatish»ni talab qilgan va bunday yolg‘onlarni tarqatuvchilarni «axloqiy prinsiplar, xokisorlik va hurmatdan mahrum bo‘lgan g‘arazli kimsalar» deb atagan.

Melaniya Tramp jamoatchilik qarshisida kamdan kam ko‘rinish beradi va Oq uyda deyarli chiqishlar qilmaydi. Uning payshanba kungi bayonoti turmush o‘rtog‘i Oq uyga qaytganidan keyin o‘zini nufuzli, shu bilan birga, yopiq shaxs sifatida tutayotgan birinchi xonimning ish grafigidagi kam uchrovchi tadbirlardan biri bo‘ldi.

Donald Tramp ham muxbirlarga bergan izohida rafiqasi Epshteyn bilan tanish bo‘lmaganini ma’lum qilgan. 

Uning o‘zi qaysidir muddat davomida Epshteyn bilan aloqa qilgani, ammo uning qilmishlaridan xabar topgach, uni o‘z qarorgohidan quvib yuborganini aytgan.

Trampning ismi «Epshteyn fayllari»da ko‘p marta tilga olingan, ammo ularda Tramp qandaydir g‘ayriqonuniy ishlarni sodir etgani bo‘yicha guvohliklar yo‘q.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid