Jahon | 15:38
22732
5 daqiqa o‘qiladi

«Damingni ol, do‘stim» – Japarov Tashiyev bilan uchrashganini aytdi

Qirg‘iziston prezidenti do‘sti endi davlat lavozimlarida ishlamasligini ta’kidladi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev davlat lavozimiga qaytmaydi. Bu haqda prezident Sadir Japarov mahalliy «Xabar» milliy axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Jurnalist unga jamoatchilik faollari, siyosatchilar hamda oqsoqollar «mamlakat kelajagi uchun Japarov va Tashiyev tandemi tiklanishi kerakligi»ni aytayotgani, uning o‘zi ham oxirgi intervyusida «Tashiyev bilan do‘st bo‘lib qolishi» haqida gapirganini eslatib, bu boradagi pozitsiyasi qanchalik o‘zgargani haqida so‘ragan.

«Ha, men hali ham shu pozitsiyadaman. Men tabiatan bahsli masalalarni tinch va ziddiyatlarsiz hal qilishni ma’qul ko‘raman. Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Ammo bu odam davlat lavozimida ishlamaydi. Dam olsin, sog‘lig‘iga qarasin.

Atrofini tozalasin, „oqsoqollar va ko‘ksoqollar“dan xalos bo‘lsin.

Tergov organlari hammasini aniqlab, tartib o‘rnatadi. Albatta, hozir u rahmat demaydi. Xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib „Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan“ deydi va minnatdorchilik bildiradi», – deydi Japarov.

Prezidentning aniqlik kiritishicha, u shu kunlarda Tashiyevni qabul qilgan, MXDQning sobiq raisi esa «muddatidan oldingi saylovlar masalasini ko‘targan oqsoqollar bilan uchrashmagani»ni aytgan.

«Kecha kechqurun uni qabul qildim. „Damingni ol, do‘stim, sog‘lik bilan shug‘ullan, xotirjam yasha“, dedim.

Do‘stimning aytishicha, u hech qanday „oqsoqol“ yoki „ko‘ksoqol“lar bilan gaplashmagan.

Shundan kelib chiqib, xulosa qildim: demak, ular o‘zlaricha, yashirincha, o‘zlarining yashirin rejasi bo‘yicha, do‘stimga bildirmay harakat qilishgan.

Hammasini tozalab, tartibga keltiramiz. Xudoga shukr, bunga kuchimiz yetadi», – degan Japarov.

Intervyu davomida jurnalist jamoatchilikda Tashiyev ketganidan keyin Qirg‘izistondagi uyushgan jinoiy guruhlar hamda korrupsiyaga qarshi kurash to‘xtashi, jinoyatchilik kuchayishi borasida xavotirlar paydo bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

Bunga javoban Japarov mamlakatda hozirda uyushgan jinoyatchilik yo‘qligi va bundan keyin ham bo‘lmasligini ta’kidlagan.

U huquq-tartibot idoralariga jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashda «niqob-shou» va piarsiz, xotirjam va professional tarzda ishlash bo‘yicha topshiriq bergan.

«Albatta, jinoyatchilik bo‘ladi, jinoyatchilar butun dunyoda bor. Ularni hech kim oxirigacha yo‘q qila olmaydi. Odam yashaydigan joyda hammasi bo‘ladi.

Jinoyatlar bo‘ladi, lekin avvalgidek bozorlarni nazorat qiladigan guruhlar yo‘q. Bunday odamlarning hammasi yo qamoqda, yo chet elda

Lekin avvalgidek uyushgan jinoiy guruhlar, bozorlarda ayollardan ham pul yig‘adiganlar endi bo‘lmaydi.

Ularning barchasi hozir yoki ozodlikdan mahrum etilgan yoki xorijda yashiringan. Agar kriminal yana Qirg‘izistonga qaytish va bu yerda o‘zining o‘g‘richa qonunlarini o‘rnatish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, ular adashadi.

Qirg‘iziston – hozir boshqa Qirg‘iziston. Mamlakatni 2020 yilgacha va 2020 yildan keyingi davrga ajratish kerak. 2020 yildan keyingi hokimiyat ular bilan til biriktirmaydigan hokimiyatdir. Shuning uchun endi uyushgan jinoyatchilik bo‘lmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurash esa hech qachon to‘xtamaydi. U bir umr davom etadi. Dunyoda korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qildik, deb ayta oladigan birorta davlat yo‘q. Hatto korrupsiyasiz davlat hisoblangan Singapurda ham bu ko‘rsatkich 15-16 foizni tashkil etadi.

„Bizda korrupsiya yo‘q, hammasini yo‘q qildik“, deb piar qilish kerak emas. Korrupsiya hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. Uning iqtisodiy, siyosiy, urug‘-aymoqchilik va boshqa turlari mavjud. Biz unga qarshi kurashish va darajasini pasaytirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz.

Jinoyatchilik bilan kurashish qiyin bo‘lmadi, bir kunda tartib o‘rnatdik. Lekin oxirgi besh yilda korrupsiyani to‘liq yengib bo‘lmayapti. Xudo xohlasa, kelgusida uning darajasini imkon qadar pasaytirishga harakat qilamiz.

Bunga kuch ham, aql ham yetadi. Men huquqni muhofaza qilish organlariga topshiriq berdim: „Jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashda sizlarda yashil chiroq bor, faqat „maska-shou“siz, piarsiz, xotirjam va professional tarzda ishlang“».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid