Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev davlat lavozimiga qaytmaydi. Bu haqda prezident Sadir Japarov mahalliy «Xabar» milliy axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Jurnalist unga jamoatchilik faollari, siyosatchilar hamda oqsoqollar «mamlakat kelajagi uchun Japarov va Tashiyev tandemi tiklanishi kerakligi»ni aytayotgani, uning o‘zi ham oxirgi intervyusida «Tashiyev bilan do‘st bo‘lib qolishi» haqida gapirganini eslatib, bu boradagi pozitsiyasi qanchalik o‘zgargani haqida so‘ragan.
«Ha, men hali ham shu pozitsiyadaman. Men tabiatan bahsli masalalarni tinch va ziddiyatlarsiz hal qilishni ma’qul ko‘raman. Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Ammo bu odam davlat lavozimida ishlamaydi. Dam olsin, sog‘lig‘iga qarasin.
Atrofini tozalasin, „oqsoqollar va ko‘ksoqollar“dan xalos bo‘lsin.
Tergov organlari hammasini aniqlab, tartib o‘rnatadi. Albatta, hozir u rahmat demaydi. Xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib „Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan“ deydi va minnatdorchilik bildiradi», – deydi Japarov.
Prezidentning aniqlik kiritishicha, u shu kunlarda Tashiyevni qabul qilgan, MXDQning sobiq raisi esa «muddatidan oldingi saylovlar masalasini ko‘targan oqsoqollar bilan uchrashmagani»ni aytgan.
«Kecha kechqurun uni qabul qildim. „Damingni ol, do‘stim, sog‘lik bilan shug‘ullan, xotirjam yasha“, dedim.
Do‘stimning aytishicha, u hech qanday „oqsoqol“ yoki „ko‘ksoqol“lar bilan gaplashmagan.
Shundan kelib chiqib, xulosa qildim: demak, ular o‘zlaricha, yashirincha, o‘zlarining yashirin rejasi bo‘yicha, do‘stimga bildirmay harakat qilishgan.
Hammasini tozalab, tartibga keltiramiz. Xudoga shukr, bunga kuchimiz yetadi», – degan Japarov.
Intervyu davomida jurnalist jamoatchilikda Tashiyev ketganidan keyin Qirg‘izistondagi uyushgan jinoiy guruhlar hamda korrupsiyaga qarshi kurash to‘xtashi, jinoyatchilik kuchayishi borasida xavotirlar paydo bo‘lganiga e’tibor qaratgan.
Bunga javoban Japarov mamlakatda hozirda uyushgan jinoyatchilik yo‘qligi va bundan keyin ham bo‘lmasligini ta’kidlagan.
U huquq-tartibot idoralariga jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashda «niqob-shou» va piarsiz, xotirjam va professional tarzda ishlash bo‘yicha topshiriq bergan.















