O‘zbekiston | 16:13 / 16.02.2026
2012
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlarida bazalt mahsulotlariga yo‘l ochiladi

Yangi qaror loyihasiga ko‘ra, 2026 yildan mahalliy ishlab chiqarilgan va muvofiqlik sertifikatiga ega bazalt mahsulotlarini davlat xaridlari va elektron kooperatsiya tizimlarida joylashtirishga ruxsat beriladi. Bu tarmoq mahsulotlarining ichki bozordagi ulushini oshirish va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda bazalt sanoatini rivojlantirish va mahsulotlar qo‘llanilishini kengaytirishga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatga muvofiq, mahalliy ishlab chiqarilgan bazalt mahsulotlarini davlat xaridlari tizimiga keng jalb etish orqali tarmoqni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish nazarda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab elektron kooperatsiya portali hamda davlat xaridlari elektron tizimlarining «Milliy do‘kon» sahifalarida muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan bazalt mahsulotlarini joylashtirish va savdolarda ularni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarining ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

Ayni paytda, mazkur tartib korporativ buyurtmachilar tomonidan tijorat maqsadlarida qayta sotish yoki ishlab chiqarish jarayonida foydalanish uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilanmoqda.

Qaror loyihasi bazalt mahsulotlarining qo‘llanish sohasini kengaytirish bilan birga, tarmoqda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, import o‘rnini bosish va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, hujjat doirasida bazalt sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, energiya samaradorligini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ham belgilanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid