Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Freeze xizmati nima va uni qanday yoqish mumkin?
O‘zbekistonda Freeze - kredit tarixini olishga ixtiyoriy cheklov qo‘yish xizmati ishga tushgan. Men bu xizmatni onlayn-servislar orqali mustaqil ravishda uladim. U faollashtirilgandan so‘ng banklar va boshqa kredit tashkilotlari kredit byurosidan mening kredit tariximni ololmaydi. Natijada yangi kredit rasmiylashtirib bo‘lmaydi. Freeze xizmatidan odatda kredit firibgarligidan himoya chorasi sifatida foydalaniladi.
Foto: Shutterstock
Freeze nega kerak?
KATM departamenti direktori o‘rinbosari Mashhurbek Raimov qayd etganidek, Freeze faol bo‘lganida kreditorlar mijozning kredit tarixini ololmaydi. Shu sababli yangi kredit rasmiylashtirish imkoni bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, kredit tarixi bo‘yicha so‘rovlar tizimda qayd etilishi mumkin. Foydalanuvchi hatto kredit rasmiylashtirilmagan holatlarda ham banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kredit tarixini tekshirishga urinishlar haqida xabarnoma olishi mumkin, Bunday xabarnomalar shubhali faollikni o‘z vaqtida aniqlash va kimdir kredit tarixini tekshirishga uringanini bilish imkonini beradi.
Freeze ko‘pincha quyidagi holatlarda yoqiladi:
Shaxsiy ma’lumotlar yo‘qolganida
Agar pasport yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlar uchinchi shaxs qo‘liga tushsa, Freeze hujjat egasining nomiga kredit rasmiylashtirilishi xavfini kamaytiradi.
Firibgarlik xatarida
Telefon va onlayn-firibgarlar kredit olish uchun o‘zgalarning ma’lumotlaridan foydalanishadi. Freeze kredit tarixi bosqichida bunday imkoniyatni yo‘qqa chiqaradi.
Kredit olish rejalashtirilmasa
Freeze shuningdek, kutilmagan qarorlar va ta’sirlar natijasida kredit olishdan to‘xtatib qoluvchi vosita sifatida qo‘l keladi.
Freeze qanday yoqiladi?
Freeze xizmatini onlayn yoki shaxsan murojaat qilish orqali yoqish mumkin. Buning uchun bir nechta usullar mavjud, ularning barchasida shaxsni tasdiqlash talab qilinadi.
1-usul: Infokredit kredit byurosi orqali
Bu kredit tarixi bilan ishlaydigan tizimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘ldir.
1. portal.infokredit.uz saytida shaxsiy kabinetga jismoniy shaxs sifatida kiring. Avtorizatsiya OneID tizimi orqali o‘tkaziladi. Agar OneID tizimida akkauntingiz yo‘q bo‘lsa, ro‘yxatdan onlayn o‘tishingiz mumkin, pasport seriya va raqami talab qilinadi.
2. Shaxsiy kabinetga kirgach, «Freeze xizmati» bo‘limini oching. Servis sahifasida xizmat tafsiloti va yoqish narxi yozilgan.
3. Yoqishni tasdiqlang va to‘lov servislari orqali xizmat haqini to‘lang.
4. To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshganidan so‘ng Freeze maqomi faollashadi. Shaxsiy kabinetda ulangan sana va xizmatning hozirgi holati ko‘rinib turadi. Shu ondan boshlab kredit tashkilotlari sizning kredit tarixingizni ololmaydi.
Agar SMS orqali tasdiqlash kodi kelmasa, «SMS-xabarnoma» bo‘limiga kiring, telefon raqamini ko‘rsating va qayta urinib ko‘ring. Shundan so‘ng tasdiqlash kodi keladi.
2-usul: my.gov.uz portali orqali
Buni portalning veb-versiyasi yoki MyGov mobil ilovasi orqali amalga oshirish mumkin.
1. my.gov.uz ga kiring yoki MyGov ilovasini ochib, OneID orqali avtorizatsiyadan o‘ting. Qidiruv satrida kredit amaliyotlarini cheklash bilan bog‘liq xizmatni qidiring.
2. Xizmatni oching va onlayn-ariza bering. Ariza qayta ishlangach, Freeze to‘g‘risidagi ma’lumot tizimda avtomatik qayd etiladi. Xizmat yoqilgani elektron shaklda tasdiqlanadi.

Bu usulning qulayligi shundaki, boshqa saytlarga kirish talab qilinmaydi — barcha harakatlar davlat xizmatlari portali ichida amalga oshiriladi.
3-usul: davlat xizmatlari markazi orqali
Freeze xizmatini davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilish orqali ham yoqish mumkin. Buning uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga pasport bilan kelish va cheklov o‘rnatishga ariza berish lozim. Ariza blankasi o‘sha joyda beriladi.
Ariza qayta ishlangach, Freeze to‘g‘risidagi ma’lumot kredit byurosi tizimida qayd etiladi. Cheklov xizmat faollashtirilganidan so‘ng amal qila boshlaydi.
Bu usul onlayn-servislardan foydalanmaydigan yoki xizmatni shaxsan rasmiylashtirishni ma’qul ko‘rganlar uchun mos keladi.
Yoqish narxi qancha
Xizmat narxi uning qaysi servis orqali rasmiylashtirilganiga bog‘liq:
- my.gov.uz portali orqali — 12 458,88 so‘m (0,03024 BHM);
- Infokredit portali orqali — 13 843,2 so‘m.

Freeze qanday o‘chiriladi
Freeze xizmati foydalanuvchi tashabbusi bilan o‘chirilishi mumkin. O‘chirish ham onlayn yoki shaxsan murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.
Infokredit portali orqali
«Freeze xizmati» bo‘limida uning hozirgi holati ko‘rinib turadi.
«O‘chirish / Otklyuchit» tugmasini bosing va amalni tasdiqlang. Shundan so‘ng xizmat holati nofaolga o‘zgaradi, kredit tashkilotlari esa kredit tarixini olishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zgarishlar kredit byurosi tizimidagi ma’lumotlar yangilanganidan keyin kuchga kiradi.
my.gov.uz portali orqali
Qidiruvda “Kredit tarixini olishga cheklov” xizmatini toping. Cheklovni olib tashlash amalini tanlab, elektron shaklni to‘ldiring va arizani yuboring. Ariza qayta ishlangach, Freeze xizmati o‘chirilgani to‘g‘risidagi ma’lumot tizimda avtomatik ravishda qayd etiladi.
Freeze kredit olishni o‘z-o‘ziga taqiqlashdan nimasi bilan farq qiladi
Freeze va kredit shartnomasi rasmiylashtirishni o‘z-o‘ziga taqiqlash turlicha ishlaydigan boshqa-boshqa mexanizmlardir.
Freeze – bu kredit byurosidan kredit tarixini olishni cheklash. Xizmat faol bo‘lganida kredit tashkilotlari qarz oluvchining kredit tarixini ololmaydi. Busiz kredit rasmiylashtirishning imkoni yo‘q. Freeze pullik xizmatdir.
Kredit shartnomasi rasmiylashtirishni o‘z-o‘ziga taqiqlash – bu kredit berilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlash. Bu holatda kredit tashkilotlari shaxsning kredit tarixini ko‘rishi mumkin, lekin u bilan kredit shartnomasi tuza olmaydi. Bu mexanizm bepul hisoblanadi.
Kredit olishni o‘z-o‘ziga taqiqlash haqida batafsil ushbu havolada o‘qishingiz mumkin.
Mavzuga oid
12:07 / 27.01.2026
2025 yilda xorijiy investitsiya va kreditlar 33,5 mlrd dollarga yetdi
16:30 / 22.01.2026
O‘zbekistonda onlayn firibgarlikka qarshi qanday kurashiladi?
11:13 / 21.01.2026
Firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kreditlar bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
14:58 / 10.01.2026