Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
San’at maktablariga atoqli ijodkorlar nomi beriladi
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari va maktab-internatlariga san’at sohasida alohida xizmat ko‘rsatgan atoqli ijodkorlar nomi beriladi. Shuningdek, ta’lim muassasalari nomlari davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtiriladi.
O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 1 iyuldagi «Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq san’at sohasida alohida xizmat ko‘rsatgan atoqli ijodkorlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari va maktab-internatlarining davlat tili qoidalariga muvofiqlashtirilgan nomlari hamda ularga berilgan atoqli ijodkorlar nomlari tegishli ilovalarga muvofiq tasdiqlanadi. Normativ-huquqiy hujjatlar, ish yuritish materiallari, xaritalar va xizmat yozishmalarida mazkur qaror bilan tasdiqlangan nomlardan foydalanish belgilanadi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uch oy muddatda qator tashkiliy choralarni amalga oshiradi. Jumladan, o‘zgartirilgan ta’lim muassasalari nomlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ish yuritish hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarni davlat tili me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirish ta’minlanadi.
Shuningdek, san’at maktablari va maktab-internatlarda atoqli ijodkorlar hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar, ko‘rgazmalar va uchrashuvlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.