Jahon | 10:21
712
2 daqiqa o‘qiladi

Deutsche Bahn konserni keng ko‘lamli kiberhujumdan jabr ko‘rdi

Deutsche Bahn’ning sayti va ilovalari to‘lqinsimon DDoS-hujumga uchradi. Kompaniya ma’lum qilishicha, hujum 17 fevralda boshlangan va keyingi kuni ham davom etgan.

Foto: Bild

Germaniyaning temiryo‘l konserni Deutsche Bahn (DB)ga keng ko‘lamli kiberhujum qilindi, u ko‘p soatlar davomida chipta bron qilish va axborot taqdim etish tizimlarining ishini izdan chiqardi. «Zarar ko‘lami sezilarli», — deb xabar qildi DB chorshanba kuni, 18 fevralda.

Kompaniyaning IT-infratuzilmasidagi uzilishlar bir kun oldin kunduzi boshlangan va DB Navigator ilovasiga ham, Deutsche Bahn saytiga ham ta’sir qilgan. 17 fevral kechqurun kompaniya tizimlar «asosan barqaror» ekanini bildirgan, ammo ertasi tongda yangi nosozliklar boshlangan. Keyinroq DB barcha tizimlar yana me’yoriy tarzda ishlayapti, deya ishontirdi.

«Hozirgi hujum aynan Deutsche Bahn’ga qaratilgan va to‘lqinsimon tarzda amalga oshirilgan», — deb ta’kidladi kompaniya. DB ma’lumotiga ko‘ra, gap shunday ataladigan DDoS-hujum haqida ketmoqda: bunda IT-tizimlarga juda ko‘p sonli so‘rovlar yuborilib, katta yuklama hosil qilinadi, natijada tizimlar ortiqcha yuklanib, ishda uzilishlar va nosozliklar paydo bo‘ladi.

Federal axborot xavfsizligi idorasi (BSI) rahbari Klaudiya Plattner ma’lum qilishicha, Deutsche Bahn’ga qilingan DDoS-hujum vaqtida uning IT-tizimlari bir daqiqada milliardlab so‘rovlarni qabul qilgan, bu esa serverlarni falaj qilgan.

Kompaniyadagi manbalar Bild gazetasiga aytishicha, bir necha kun davom etgan DDoS-hujum «o‘ta muvofiqlashtirilgan» bo‘lib, «raqamli qamal»ni eslatgan. Ularning taxminicha, hujumga Rossiya hakerlari aloqador bo‘lishi mumkin. Biroq Rossiya izi haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid