Jahon | 12:04 / 17.03.2026
1239
2 daqiqa o‘qiladi

Deutsche Bahn kechikishlar uchun 156 mln yevro kompensatsiya to‘ladi

Poyezdlarning ko‘plab kechikishlari va bekor qilinishi sababli temiryo‘l konserni Deutsche Bahn 2025 yil uchun 156,1 mln yevro miqdorida kompensatsiya to‘ladi. Bu bir yil oldingidan 41 mln yevroga kam.

Foto: Ying Tang/NurPhoto

Germaniyaning temiryo‘l konserni Deutsche Bahn (DB) 2025 yilda poyezdlarning ko‘plab kechikishlari va bekor qilinishi munosabati bilan 156,1 mln yevro kompensatsiya to‘ladi. Bu summa 2024 yildagidan taxminan 41 mln yevroga kam, ammo 2019 yildagidan uch baravar ko‘p. Bu haqda DB boshqaruvi a’zosi, shaharlararo tashuvlar bo‘limi rahbari Mixael Peterson Süddeutsche Zeitung gazetasida 16 mart, dushanba kuni e’lon qilingan intervyusida ma’lum qildi.

Shu bilan birga, u Germaniya konsernining dastlabki hisoboti ma’lumotlariga tayandi.

«Bizning taxminimizcha, bu, jumladan, o‘tgan yili ish tashlashlar kabi yirik favqulodda holatlar bo‘lmagani bilan ham bog‘liq», — dedi Peterson.

Shunga qaramay, uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu xarajatlar konsern uchun sezilarli moliyaviy yuk bo‘lib qolmoqda. Deutsche Bahn uzoq masofali poyezdlar katta darajada kechikkan yoki bekor qilingan hollarda yo‘lovchilar zararini qoplab berishga majbur.

Petersonning davom etishicha, temiryo‘l infratuzilmasidagi qurilish va ta’mirlash ishlari ham poyezdlar harakati jadvali uchun jiddiy muammolar tug‘dirmoqda. Uning aytishicha, temiryo‘lning u yoki bu uchastkasi bir necha haftaga yopilishi ko‘p millionlik moliyaviy yo‘qotishlarni anglatadi.

Peterson ma’lumotiga ko‘ra, uzoq masofali poyezdlar bo‘limi 2025 yilda temiryo‘l yo‘llaridan foydalanish uchun 300 mln yevro ko‘proq to‘lagan. Butun Germaniya bo‘ylab amal qiladigan yagona temiryo‘l chiptasi — Deutschlandticket joriy etilgani sababli, u faqat shahar atrofi poyezdlari, elektrichkalar va shahar jamoat transportida amal qiladi, kompaniya uzoq masofaga qatnaydigan tezyurar poyezdlarda 15 mln yo‘lovchisini yo‘qotgan. DB rahbarlaridan biri aytishicha, o‘tgan yili ushbu poyezdlar to‘lishi 48 foizga tushib ketgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid