Jahon | 09:09
1428
2 daqiqa o‘qiladi

Pskov viloyatiga dronlar hujum qildi: neft bazasida yong‘in

Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov uchuvchisiz uchish apparati hujumi oqibatida Velikiye Lukidagi neft bazasida neft mahsulotlari saqlanadigan rezervuarlardan biri yonayotganini bildirdi. Telegram’dagi ASTRA kanali ma’lumotiga ko‘ra, dronlar himoya to‘rini teshib o‘tgan.

Foto: Telegram / astrapress

Pskov viloyati va Velikiye Luki shahridagi fuqarolik infratuzilmasi obektlariga dronlar hujum qildi. Bu haqda payshanba, 19 fevralga o‘tar kechasi MAX tarmog‘ida viloyat gubernatori Mixail Vedernikov xabar qildi.

Uning ma’lum qilishicha, Velikiye Luki neft bazasida dron hujumi sabab neft mahsulotlari saqlangan rezervuarlardan biri yongan. Hodisa joyida favqulodda xizmatlar ish olib bormoqda.

Mahalliy aholidan oyna-derazaga yaqinlashmaslik yoki agar hujum paytida ko‘chada bo‘lgan bo‘lsa, yaqin atrofdagi binodan boshpana topish so‘raldi.

Telegram’dagi ASTRA kanali ma’lumotiga ko‘ra, yaqin atrofdagi korxonalar xodimlari evakuatsiya qilingan. Kanal aniqlashtirishicha, neft bazasida rezervuarlar ustiga himoya to‘ri o‘rnatilgan bo‘lgan. Ammo guvohlar izohlaridan kelib chiqsa, bir necha dron uni teshib o‘tgan, shundan so‘ng katta yong‘in kelib chiqqan, deb yozadi ASTRA.

ASTRA ma’lumoticha, neft bazasida keyinchalik AYoQSh tarmog‘iga, korxonalar va transport kompaniyalariga taqsimlash uchun neft mahsulotlari — dizel yonilg‘isi, benzin va boshqa turdagi xomashyo saqlangan.

Rosaviatsiya vakili bildirishicha, Pskov aeroporti samolyotlarni qabul qilmagan va jo‘natmagan.

Avvalroq, 10 yanvarga o‘tar kechasi Volgograd viloyatidagi neft bazasida dron parchalari tushishi natijasida yong‘in chiqqan edi. Dronlar hujumlari fonida Volgograd, Gelenjik, Krasnodar va Cheboksari aeroportlarida reyslarni qabul qilish va chiqarishga cheklovlar joriy etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid