Jahon | 15:29
1656
4 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya «Drujba» sabab neft sohasida «favqulodda holat» e’lon qildi

Slovakiya hukumati «Drujba» neft quvuri orqali yetkazib berishlar to‘xtagani sabab «neft sohasida favqulodda vaziyat» e’lon qildi. Shu munosabat bilan Slovnaft neftni qayta ishlash zavodi (NQZ) Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatdi.

Foto: Zsolt Szigetvary/MTI/epa/dpa/picture alliance

Slovakiya hukumati «Drujba» neft quvuri orqali yetkazib berishlar to‘xtagani sabab «neft sohasida favqulodda vaziyat» e’lon qildi. Bu haqda chorshanba, 18 fevral kuni Slovakiya davlat axborot agentligi TASR xabar berdi.

Yonilg‘i importidagi muammolar tufayli davlat mamlakatdagi eng yirik — Bratislavadagi Slovnaft neftni qayta ishlash zavodiga o‘zining favqulodda zaxiralaridan 250 ming tonnagacha neft ajratadi. Evaziga korxona o‘z hisob qiymati miqdorida moliyaviy ta’minot yoki bank kafolatlarini taqdim etishi kerak bo‘ladi. Kompaniya davlatdan olgan neftini sentabrgacha qaytarishi shart.

Slovnaft ma’lum qilishicha, hukumat ajratgan neft hajmi kamida bir oyga yetadi. Shu vaqt ichida zavod «Drujba»dagi muammolardan oldin faqat oz miqdordagi yetkazib berishlar uchun ishlatilgan Adriatika quvuri (JANAF)dan foydalanish hajmlarini oshirishga ulgurishi kerak.

Slovnaft’ning nazorat paketi MOL venger neft-gaz kompaniyasiga tegishli va u amalda Slovakiyada benzin hamda dizel yonilg‘isi ta’minotida monopol o‘rin tutadi.

18 fevral kuni Slovnaft, shuningdek, beqaror davrda ichki bozor ehtiyojlarini qoplash uchun xorijga, jumladan Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatishini e’lon qildi. Qayd etilishicha, buning uchun zavodga kuniga 7300–7500 tonna neft kerak bo‘ladi. Eksportdan voz kechish fonida mamlakat bosh vaziri Robert Fitso yonilg‘i va boshqa neft mahsulotlari tanqisligi bo‘lmasligini aytdi.

Avvalgi kuni Slovakiya va Vengriya Xorvatiyadan Adriatika neft quvuri orqali Rossiya xomashyosini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni so‘ragan. Bunga javoban Xorvatiya iqtisod vaziri Ante Shushnyar mamlakat yordam berishga tayyor ekanini, ammo faqat Yevroittifoq va AQSh qoidalari doirasida bo‘lishini bildirgan. U, shuningdek, JANAF Yevropa mamlakatlariga Rossiya neftiga bog‘liq bo‘lib qolmaslik imkonini berishi mumkinligini aytgan.

Bundan oldin Vengriyada Viktor Orban hukumati bir necha bor JANAF go‘yoki kerakli hajmlarda neft olmasligini aytgan, Xorvatiya hukumati esa tranzit haqini oshirib, Vengriya uchun bu yo‘lni tijoriy jihatdan foydasiz qilib qo‘yganini iddao qilgan.

16 fevral kuni Vengriyaning MOL kompaniyasi «Drujba» quvuri orqali Vengriya va Slovakiyaga yonilg‘i yetkazib berishlar 27 yanvardan beri to‘xtaganini bildirgan. Tanqislikni qoplash uchun MOL xom neftni dengiz orqali yetkazib berishga o‘tgan. Shuningdek, u Vengriya energetika vazirligiga strategik zaxiralardan taxminan 250 ming tonna neft ajratishni so‘rab murojaat qilgan. 12 fevral kuni Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi vakillari Bloomberg agentligiga «Drujba» bo‘yicha yetkazib berishlar to‘xtaganini ma’lum qilgan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa yetkazib berishlar to‘xtashini Vengriya Ukraina hududidagi «Drujba» uchastkasiga Rossiya zarbasi berilgani haqidagi faktni yashirib kelgani bilan izohlagan. Bunga javoban Budapesht ukrain tomoni go‘yoki o‘sha uchastkada elektr ta’minotini o‘chirib qo‘yganini aytgan. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 15 fevral kuni Ukrainani eksportni qayta tiklashni ataylab cho‘zyapti, deb ayblagan.

Bundan tashqari, 17 fevral kuni Sky News britan axborot portali Yevrokomissiya Ukrainadan «Drujba»ni ta’mirlash grafigini taqdim etishni talab qilganini xabar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid