Jamiyat | 12:25
6809
3 daqiqa o‘qiladi

Avtobusda yosh bolaga jinsiy tegajog‘lik qilgan pedofil 6 yilga qamaldi

Toshkentda avtobusda 13 yoshli o‘g‘il bolaga tegajog‘lik qilgan erkak ozodlikdan mahrum etildi. 38 yoshli shaxs muqaddam o‘g‘rilik, talonchilik va nomusga tegishga suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilib, bir necha bor sudlangani ma’lum bo‘ldi. Pedofil sudda avtobusdagi harakatini mast holda qilganini, spirtli ichimlik iste’mol qilsa “o‘zini bilmay qolishini” aytgan.

Foto: Bolalar ombudsmani

Toshkentda avtobusda yosh bolaga shilqimlik qilgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 1988 yilda tug‘ilgan G‘.X. 2025 yil 4 fevral kuni soat 21:00 larda 98-sonli avtobusga yo‘lovchi sifatida chiqib, futbol to‘garagidan qaytayotgan 13 yoshli o‘g‘il bolaga mast holatda zo‘rlik ishlatgan va qo‘rqitgan. U bolaning ko‘krak qismidan ushlab, labidan o‘pishga uringan va unga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar sodir qilgan.

G‘.X. sudda aybiga iqror bo‘lgan va avtobusdagi harakatlarini mast holda qilganini ma’lum qilgan.

Zangiota tumanida joylashgan tselofan ishlab chiqarish sexida ishlab, ish haqi sifatida 442 000 so‘m pul oldim. So‘ng Zangiota tumani hududida joylashgan “vino-vodka”dan spirtli ichimlik sotib olib, iste’mol qildim. “Damas”ga o‘tirib, Toshkent shahar Chilonzor tuman hududida joylashgan “Chilonzor buyum bozori”ga keldim. Juda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilganim sababli keyin nima bo‘lganini eslolmayman.

Ko‘zimni ochib qarasam Olmazor tumani Qoraqamish dahasidagi oqib o‘tuvchi anhor yonida ekanman. So‘ng IIO xodimlari tegishli tartibda ushlashdi. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganim sababli sud tomonidan menga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Keyinchalik 98-sonli avtobusda yosh bolaga uyatsiz-buzuq harakatlar sodir qilganimni bildim. Ushbu harakatlarni spirtli ichimlik ta’sirida sodir qilganman. Nima uchun bunday qilganimni o‘zim ham bilmayman”, degan erkak suddagi ko‘rsatmasida.

Shuningdek, u spirtli ichimlik iste’mol qilsa o‘zini bilmay qolishini aytib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan hamda suddan yengillik so‘ragan.

G‘.X.ning avtobusdagi harakatini bola o‘z telefoniga tasvirga tushirgan hamda yaqin qarindoshiga bo‘lgan voqeani aytib bergan. So‘ngra bolaning qarindoshi holat yuzasidan IIO xodimlariga ariza bilan murojaat qilgan.

JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil 20 iyundagi hukmi bilan G‘.X. Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘.X. muqaddam ham bir necha bor sudlangan. Xususan, 2013 yilda Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi 1-qismi bilan 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Avvalroq pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi kiritilishi xabar qilingandi: davlat dasturida 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish nazarda tutilgan

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров

Mavzuga oid