Jahon | 13:55
1838
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Kiyevga elektr energiyasini favqulodda yetkazib berishni to‘xtatmoqda

Agar Ukraina energetika tarmog‘ini barqarorlashtirish uchun Slovakiyadan yordam so‘rasa, bu yordamni olmaydi, dedi Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror “Drujba” quvuri orqali Rossiya nefti tranziti to‘xtatilganiga javob chorasidir.

Foto: REUTERS / Gleb Garanich

Ukraina tomonidan “Drujba” neft quvuri orqali Rossiya nefti tranzitini to‘xtatish atrofidagi mojaro fonida, Slovakiya Kiyevga favqulodda elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmoqda. «Bugundan boshlab, agar Ukraina tomoni Slovakiyaga Ukraina energetika tarmog‘ini barqarorlashtirishda yordam so‘rab murojaat qilsa, bunday yordamni olmaydi», — dedi dushanba, 23 fevral kuni mamlakat bosh vaziri Robert Fitso.

Uning aytishicha, u milliy energetika tarmoq operatoriga “Drujba” quvuri orqali neft tranziti qayta tiklanmaguncha Ukrainaga favqulodda elektr yetkazib berishni to‘xtatishni topshirgan. Fitso, shuningdek, qaror qabul qilish arafasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashishga urinib ko‘rganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina tomoni suhbatga faqat 25 fevraldan keyin tayyor ekanini bildirgan.

«Vaziyatning jiddiyligini va Slovakiyada neft sohasida favqulodda holat e’lon qilinganini hisobga olgan holda, bu sharoitda biz darhol birinchi javob chorasini qo‘llashga majburmiz. U neft tranziti Slovakiyaga qayta tiklanishi bilanoq bekor qilinadi. Aks holda, biz keyingi javob choralariga o‘tamiz», — dedi Slovakiya hukumati rahbari.

“Drujba” quvuri orqali Rossiya nefti Ukraina hududidan o‘tib Slovakiya va Vengriyaga yetib boradi. Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, yetkazib berishlar yanvar oyi oxiridan buyon Rossiya tomonidan qilingan bombardimonlar sabab uzilgan. Shu bilan birga, Budapesht va Bratislava Ukraina rahbariyatini tranzitni qayta tiklashga ataylab to‘sqinlik qilayotganlikda ayblamoqda. Har ikki mamlakat ham haligacha katta darajada Rossiya neftiga bog‘liq.

Avvalroq Vengriya ham Yevropa Ittifoqining Ukrainaga keyingi yordamini bloklash bilan tahdid qilgan va neft oqimi to‘xtatilishini Kiyev tomonidan qilingan «hech qanday sababsiz dushmanlik harakati» deb atagan. 23 fevral kuni Vengriya Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketiga veto qo‘ygan. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qilishicha, bu choralar, jumladan, “Drujba” quvuri orqali neft yetkazib berish to‘xtatilgani bilan ham bog‘liq.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid