Jamiyat | 22:01 / 25.02.2026
1068
5 daqiqa o‘qiladi

Yigit-qizlar qarshisidagi muammolar yoxud yoshlar siyosati nega muhim?

Har bir davlatda yoshlar siyosati – bu zerikarli yo‘nalish emas, strategik rivojlanish vazifasi. Chunki ertangi kunini o‘ylagan hukumatlar kelajak egalarini bugungi muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaydi, ularni yo‘naltiradi. Xo‘sh, o‘zbek jamiyatida yosh o‘g‘il-qizlarni asosan nimalar qiynayapti? Davlat rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida qanday vazifalar belgilandi?

Kecha, 24 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari bilan katta uchrashuv o‘tkazdi. Unda butun respublikadan jami 60 mingga yaqin yoshlar ishtirok etgani aytilmoqda.

«Yoshlar» tushunchasi dunyo bo‘ylab bir xil emas. Ba’zi davlatlarda «yoshlar» deganda 35 yoshgacha aholi qatlami tushuniladi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan aholimiz – “yoshlar” deyiladi. 2026 yil 1 fevral holatiga, O‘zbekiston aholisi 38 million 300 mingdan yoshdi. Shundan 25,7 foizini yoshlar tashkil qiladi. Bu degani, har to‘rtinchi o‘zbekistonlik – yosh aholi hisoblanadi.

1 yoshdan 13 yoshgacha aholimiz esa «bolalar» deyiladi. Bolalar va yoshlarni qo‘shganda, ular O‘zbekiston aholisining 60 foizini tashkil qiladi. Bu bilan, O‘zbekiston demografik jihatdan juda yosh va o‘sib kelayotgan jamiyat hisoblanadi.

Xo‘sh, O‘zbekiston yoshlarining bugungi kundagi asosiy muammolari nimalar, ularni nima masalalar bezovta qiladi? Dunyoning boshqa davlatlaridagi kabi, O‘zbekiston yoshlari uchun ham, asosiy muammolar juda o‘xshash. Lekin ushbu muammolarning masshtabi, o‘tkirlik darajasi boshqa davlatlarnikidan farq qilishi tabiiy.

Birinchi o‘rinda, O‘zbekiston yoshlarini ishsizlik va ishga joylashish muammosi bezovta qiladi. To‘g‘ri, keyingi yillarda umumiy aholi o‘rtasidagi, jumladan, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi nisbatan qisqarmoqda. Lekin o‘rta yoshlilarga nisbatan yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqoriroq. Chunki ish beruvchilar tajribaliroq kadrlarni ma’qul ko‘rishadi, yoshlar esa aksar holatlarda boshlang‘ich past maoshga ko‘nishlariga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi o‘rinda, ta’limning sifati va oliy ta’lim olish imkoniyati. O‘zbekistonda maktab ta’limining sifati katta shaharlar va qishloq joylarida jiddiy farq qiladi. Maktabni bitirayotgan yoshlarning salkam yarmi oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega emas – oliy ta’lim tizimida joy yetishmasligi muammosi bor.

Uchinchi o‘rinda, mening nazarimda, yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash muammosi juda dolzarb. Ayniqsa, katta shaharlarda, jumladan poytaxt Toshkentda. O‘zbekistonda hozircha ipoteka foizlari juda qimmat. Bu yoshlarni ham, ularning ota-onalarini ham juda mushkul axvolga solib qo‘ygan. Ko‘plab yosh oilalar o‘z xususiy uy-joylariga ega bo‘lishda qiynalishmoqda.

Qolaversa, turli omillarga ko‘ra psixologik muammolar yoshlarni bezovta qilishi ham mavjud muammo. Bugungi yoshlar – global axborot oqimlari ichida dunyoqarashi shakllanayotgan avlod hisoblanadi. Ba’zi kuzatishlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi 19-30 yosh oralig‘idagi 54,6 foiz yoshlar barqaror ishga ham, oliy ta’lim yo‘nalishida o‘qishga ham ega emasligi aytiladi. Bu – juda katta raqam. Ayniqsa, qizlar, yosh ayollar orasida bu muammo yanada o‘tkir – ularning 74 foizi na oliy ta’limda o‘qiydi, va na barqaror ishlaydi.

Har bir davlatning yoshlar siyosati – bu zerikarli yo‘nalish emas, balki strategik rivojlanish vazifasi. Bugun davlat yoshlarga qanchalik e’tibor beryapti, ularning bilimi va malakasini qaysi tomon yo‘naltiryapti – bu millatning kelajagini belgilab beruvchi omil hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti yoshlar bilan kechagi uchrashuvda bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha jami o‘ttizdan ortiq vazifalar va loyihalar e’lon qildi. Jumladan, yosh oilalar uchun ipoteka stavkasining 14 foizdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun «Kelajak tadbirkori» dasturi ishga tushiriladi. «Yangi avlod tadbirkori» dasturi doirasida Harvard, Stenford kabi xorijiy oliygohlar hamkorligida 40 ming yoshlarimiz biznesga o‘qitiladi.

Ko‘rinib turibdiki, davlatning yoshlar siyosati O‘zbekiston yoshlarida tadbirkorlik ruhiyatini shakllantirishni maqsad qilmoqda: yoshlar sinovlardan qo‘rqmasin, bankrot bo‘lishdan qo‘rqmasin, yangi g‘oyalarga intilsin, yangilik yaratsin, boy bo‘lishga harakat qilsin, mustaqil bo‘lishga intilsin. Natija esa O‘zbekistonning eng asosiy kapitali – inson resurslari, inson kapitalini to‘liq ishga tushishiga xizmat qilsin!

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов

Mavzuga oid