O‘zbekiston | 17:45
565
3 daqiqa o‘qiladi

Malakali yuridik yordam: Konstitutsiya kafolatlagan huquq va zamonaviy muammolar

O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari oliy qadriyat deb belgilangan va har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Lekin bugungi kunda qonunchilikda “malakali yuridik yordam” tushunchasining aniq ta’rifi yo‘qligi ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Foto: iStock

Masalan, kimlar haqiqatan ham malakali yordam ko‘rsatishi mumkinligi, xizmat sifati qanday baholanishi va mas’uliyat qay tarzda belgilanishi kabi masalalar ochiq qolmoqda. Amalda yuridik yordam asosan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi, chunki ular maxsus maqomga, kasbiy bilimga va etika qoidalariga ega. Biroq zamonaviy sharoitda faqat advokatlar bilan cheklanib qolish ham bahsli masalasi hisoblanadi.

Ayrim mutaxassislar sud jarayonlarida va jiddiy huquqiy masalalarda faqat advokatlar ishtirok etishi lozim, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, bu sifat va kasbiy standartlarni saqlashga xizmat qiladi. Boshqalar esa yuridik xizmatlar bozori ochiq bo‘lishi, yuqori malakali bo‘lgan, ammo advokat maqomiga ega bo‘lmagan yuristlar ham fuqarolarga yordam ko‘rsata olishi kerakligini ta’kidlaydi. Chunki to‘liq monopoliya ba’zan xizmat narxining oshishiga yoki aholining ayrim qatlamlari uchun huquqiy yordamga yetish imkoniyati cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Shu o‘rinda “yuridik yordam” va “yuridik xizmat” tushunchalarini farqlash muhim. Yuridik yordam – bu insonning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli faoliyat bo‘lsa, yuridik xizmat ko‘proq muayyan vazifalarni bajarishga qaratilgan kasbiy xizmat shaklidir. Malakali yuridik yordam deganda esa faqat natija emas, balki xizmat ko‘rsatuvchining bilim darajasi, tajribasi va belgilangan standartlarga amal qilishi tushuniladi.

Muammoning yechimi sifatida qonunchilikda aniq ta’riflarni belgilash, xizmat sifati uchun minimal standartlarni joriy etish, huquqiy yordam ko‘rsatuvchi sub’yektlar doirasini aniq tartibga solish hamda davlat hisobidan ko‘rsatilgan yuridik yordamni baholash tartibini joriy etish muhim.

Bunda, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi yuristlarga ham muayyan talablar asosida imkoniyat berish mumkin, ammo bu jarayon nazorat va sertifikatlash mexanizmlari bilan mustahkamlanishi kerak. Shu bilan birga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun bepul yuridik yordam tizimini yanada kuchaytirish ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, malakali yuridik yordam – faqat muammoga uchragan odamning huquqlarini himoyalash emas, balki jamiyatda adolatni ta’minlashning muhim omilidir. Aniq qoidalar, yuqori sifat standartlari va adolatli raqobat muhiti shakllantirilsa, fuqarolarning huquqiy himoyaga bo‘lgan ishonchi ortadi va huquqiy davlat tamoyillari yanada mustahkamlanadi.

Muhammad Abdurayimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid