Texnologiya | 21:01 / 28.02.2026
1519
2 daqiqa o‘qiladi

Blackview “o‘lmas” smartfonini taqdim etdi

Xitoyning Blackview brendi Rock 2 Pro modelini global bozorga chiqardi. U chidamli va yuqori samaradorlikka ega.

Foto: store.blackview.hk

Smartfon IP68/IP69K va MIL-STD-810H harbiy standartiga mos keladi. U yerga tushib ketish, suv, chang, o‘ta issiq va sovuq haroratga chidamli. Qurilma oddiy gadjetlar tezda ishdan chiqadigan muhitlarda ishlashga mo‘ljallangan.

Rock 2 Pro 6,67 dyuymli displey (720 × 1604 piksel va 120 Gs yangilanish chastotasi)ga ega. Ekran zarbaga chidamli qoplama bilan himoyalangan, korpusi esa qo‘lqopda ham qulay ushlashga moslangan.

Qurilma Unisoc T8100 protsessori, 8 GB tezkor xotira va 256 GB ichki xotira (kengaytirish imkoniyati mavjud) bilan jihozlangan. Bu ilovalar va dasturlar barqaror ishlashini ta’minlaydi.

Chip 5G tarmog‘ini va ikkita SIM-karta bilan ishlashni qo‘llab-quvvatlaydi. DokeOS 5.0 operatsion tizimi Android 16ga asoslangan.

Akkumulyator sig‘imi 15 000 mAs bo‘lib, bu smartfonning uzoq vaqt ishlashini ta’minlaydi.  

Smartfon 16 Mp asosiy sensor va 13 Mp frontal kameraga ega. Asosiy kamera qiyin sharoitlarda — kuchli quyosh nuri, yomg‘ir yoki changda tasvirga olishga moslashtirilgan. 

Orqa panelda 400 lyumengacha yorug‘lik beruvchi katta LED-panel joylashgan. U tungi vaqtda yoki yorug‘lik kam joylarda kuchli fonar vazifasini bajaradi.

Smartfon o‘lchamlari — 18,8×8,6×2,5 sm, vazni esa qariyb 560 g. Blackview Rock 2 Pro narxi 240 yevroni tashkil etadi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid