Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindistonda sud mojarosi: AI to‘qib chiqargan qarorlar ishda asos bo‘lgan
Hindiston Oliy sudi sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan soxta sud qarorlariga tayanilgan holda mulk bo‘yicha nizoni hal qilgan sudya aniqlanganidan keyin, huquqiy oqibatlar bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Foto: Getty Images
Janubdagi Andxra-Pradesh shtati quyi instansiya sudi chiqargan qarorga nisbatan javobgarlar (himoya tomoni) apellyatsiya berganidan so‘ng, Oliy sud endilikda o‘sha qarorni ko‘rib chiqadi.
Oliy sud bu ishni “institutsional tashvish” masalasi deb atadi va soxta, AI yaratgan “sud qarorlari sudlov jarayonining halolligiga bevosita ta’sir qiladi”, dedi.
Bu voqea sarlavhalarga chiqdi va Hindistonda ham, dunyoning boshqa joylarida ham AI sud jarayonlarini izdan chiqargan holatlar qatoridagi eng so‘nggi misolga aylandi.
Ishdagi muammolar Andxra-Pradeshda o‘tgan yil avgust oyida, Vijayavada shahridagi birinchi instansiya sudida yosh (lavozimi pastroq) fuqarolik sudyasi bahsli mulk haqidagi ish bo‘yicha qaror chiqarganida boshlangan.
Sud avvalroq mulkni o‘rganib chiqib, hisobot tayyorlash uchun mas’ul shaxsni (mansabdorni) tayinlagan. Biroq ishdagi javobgarlar bu tayinlovga e’tiroz bildirdi. Sudya esa ularning e’tirozini rad etdi va bunga asos sifatida oldingi to‘rtta sud qarorini keltirdi — keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ularning barchasi sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ekan.
AI dasturlari ish joyida ko‘p vazifalarni ancha osonlashtirdi, ammo generativ AI tizimlari “gallyutsinatsiya” qilish — ya’ni yolg‘on ma’lumotni haqiqat sifatida qat’iy aytish, hatto ba’zan noto‘g‘ri axborot uchun manbalarni o‘ylab topish qobiliyati bilan ham mashhur.
Javobgarlar shtatning Oliy sudiga shikoyat qildi va keltirilgan qarorlar soxta ekanini ko‘rsatdi. Oliy sud buni tan oldi, ammo yosh sudya xatoni “yaxshi niyat” bilan qilgan, deb qabul qildi va baribir sud qarorini to‘g‘ri, deb topdi.
Oliy sud o‘z qarorida shunday dedi: “Manbalar mavjud bo‘lmasligi mumkin, lekin agar sud to‘g‘ri huquqiy tamoyillarni inobatga olgan bo‘lsa va ularni ish faktlariga qo‘llash ham to‘g‘ri bo‘lsa, qarorda noto‘g‘ri yoki umuman mavjud bo‘lmagan qarorlarni tilga olishning o‘zi qarorni bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi”.
Oliy sud, shuningdek, AI yaratgan qarorlarga tayangan yosh sudyadan tushuntirish ham so‘ragan. Sudya sudga bu — AI vositasidan birinchi marta foydalanishi bo‘lganini va keltirilgan qarorlarni “haqiqiy” deb o‘ylaganini aytgan. U qarorlarni noto‘g‘ri keltirish yoki haqiqatni buzib ko‘rsatish niyatida bo‘lmagan, “xatoga faqat avtomatik manbaga suyanish sabab bo‘lgan”, deya yozgan Oliy sud.
Oliy sud “sun’iy intellektdan ko‘ra, haqiqiy intellektni ishga solish” lozimligini ham ta’kidlagan.
Shundan keyin javobgarlar yana apellyatsiya berib, ishni Oliy sudga olib chiqdi. Oliy sud esa AI’ning ta’siriga nisbatan unchalik kechirimli bo‘lmadi.
Soxta qarorlarni keskin qoralab, Oliy sud o‘tgan juma kuni mulk nizosiga oid quyi sud qarorini vaqtincha to‘xtatdi. Uning aytishicha, qaror chiqarishda SIdan foydalanish oddiy “qaror qabul qilishdagi xatolik” emas, balki “intizomiy buzilish” hisoblanadi.
“Bu ish katta institutsional tashvish uyg‘otadi — bu ishning mohiyati bo‘yicha qanday qaror qabul qilingani uchun emas, balki sudlov va aniqlash jarayonining o‘zi nuqtai nazaridan”, deya ma’lum qildi Oliy sud.
Sud ishni batafsilroq o‘rganishini bildirdi va mamlakatning bosh prokurori, shuningdek, Hindiston Advokatlar kengashiga rasmiy xabarnomalar yubordi.
Boshqa bir ishda, o‘tgan oy Oliy sud advokatlarning da’vo arizalarini tayyorlashda AI vositalaridan foydalanish tendensiyasidan xavotir bildirgan. LiveLaw huquqiy yangiliklar sayti keltirishicha, sud buni “umuman keraksiz” deb atagan.
Sudlarda AI ta’siri bilan hisoblashish borasida Hindiston yolg‘iz emas.
Oktyabr oyida AQShda ikki federal sudya AI vositalaridan foydalangani uchun tanqid qilingan — bu ularning qarorlarida xatolarga olib kelgan. 2025 yil iyun oyida Angliya va Uels Oliy sudi bir qator ishlarda o‘ylab topilgan yoki qisman to‘qib chiqilgan qarorlar keltirilganidan keyin, advokatlarni AI yaratgan “ish materiallari”ni qo‘llamaslikka ogohlantirgan.
Dunyo bo‘ylab boshqa tizimlar qatorida, Hindistonning huquqiy institutlari ham sud zallarida AI'dan foydalanishni qanday tartibga solish va nazorat qilish masalasida kurashmoqda.
O‘tgan yil Oliy sud Hindiston sud hokimiyatida AI haqida “oq kitob” e’lon qilgan bo‘lib, unda eng yaxshi amaliyotlar va sud muassasalari, advokatlar hamda kotiblar uchun AI'dan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar keltirilgan.
Sud inson nazorati zarurligini va institutsional himoya choralarini “mustahkam holda saqlab turish” muhimligini alohida ta’kidlagan.
Mavzuga oid
11:52 / 03.03.2026
Surxondaryoda nohaq ayblanganini aytgan yolg‘iz onaning ishi kassatsiyada o‘zgartirildi
17:35 / 01.03.2026
AQSh Eronga zarba berishda Anthropic neyrotarmog‘idan foydalandi – OAV
14:19 / 27.02.2026
Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda
12:20 / 27.02.2026