Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Vengriya TIV rahbari Siyyartoga ikki harbiy asirni topshirdi
Kreml rahbari Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuv vaqtida Vengriya tashqi ishlar vaziriga ikki nafar harbiy asirni topshirdi. Vengriya Rossiyadan energiya resurslarini olish bo‘yicha kafolat so‘radi, bunga Putin “hammasi ham bizga bog‘liq emas”, deb javob berdi.
Foto: Mikhail Metzel/TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4 mart, chorshanba kuni Moskvada Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashuvda Vengriya va Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan ikki nafar harbiy asirni ozod qildi va uni vazirga topshirdi. Putinning da’vo qilishicha, bu erkaklar Ukrainada jang harakatlarida qatnashish uchun majburiy tarzda safarbar etilgan. Teleefirda ko‘rsatilgan Siyyartoning asirlarni ozod qilish haqidagi iltimosiga Putin: “Olib ketishingiz mumkin”, — deb javob berdi. Putin ular vazir samolyotida Budapeshtga uchib ketishini aytdi.
Bundan bir kun oldin Putin Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali suhbat o‘tkazgan, u ham asirlarni ozod etishni so‘ragan edi. Putin Vengriyaning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasidagi pozitsiyasini muvozanatli va mustaqil deb maqtab, Budapesht prinsipial ravishda mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Orban YeIda Kreml bilan eng yaxshi munosabatlarga ega yetakchi deb hisoblanadi, u oxirgi bor Kremlda 2025 yil noyabrida bo‘lgan. Dpa agentligining qayd etishicha, Moskva mamnun bo‘ladigan tarzda, Orban G‘arb tomonidan Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushi sabab joriy etilayotgan sanksiyalarga muntazam qarshi chiqadi. U xomashyoga boy davlatdan energiya resurslari xarid qilish orqali Rossiyaning harbiy xazinasini ham to‘ldirmoqda, deyiladi xabarda.
Siyyarto Moskvada Putin bilan uchrashuvda Rossiyadan neft va gaz yetkazib berish bo‘yicha kafolat so‘radi. Putin Rossiya energiya resurslarini ishonchli yetkazib beruvchi bo‘lib qolish niyatida ekanini aytdi. U hamma narsa Moskvaga bog‘liq emasligini qayd etdi, biroq Rossiya tomoni o‘z qo‘lidan keladigan ishlarini bajarayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda Vengriya Ukraina orqali o‘tuvchi “Drujba” tranzit neft quvuri orqali neft ololmayapti, chunki Kiyev rahbariyati quvur shikastlanganini bildirgan. Javoban Vengriya YeIning Ukraina uchun 90 mlrd yevro miqdoridagi kreditiga to‘sqinlik qilmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan hafta Vengriya tanqidlariga javoban Rossiya neftining Yevropa bozorida o‘rni yo‘qligini ta’kidladi. Ukraina, shuningdek, Moskvaga Rossiya harbiy mashinasini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shni davlatga qarshi qurolli tajovuzni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan daromadlarni kamaytirish maqsadida, Rossiya neft sanoati obektlariga muntazam zarbalar berib kelmoqda.
Mavzuga oid
12:25
Yevroittifoq Rossiyadan dezinformatsiyaga qarshi kurash strategiyasini o‘zgartirmoqda
09:34
Putin YeIga gaz yetkazib berishni muddatidan oldin to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda
09:14
O‘zbekiston–Rossiya strategik sheriklik masalalari muhokama qilindi
15:02 / 04.03.2026