Sog‘lom hayot | 01:56
1366
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar infarkt va ob-havo orasida bog‘liqlik borligini aniqlashdi 

Tahlillarga ko‘ra, infarkt holatlari ko‘proq qayd etilgan kunlarda past harorat, kun davomida haroratning keskin o‘zgarishi va kuchsiz shamol kuzatilgan.

Foto: Alamy

Olimlar ob-havo o‘zgarishlari miokard infarkti rivojlanish ehtimoliga ta’sir qilishi mumkin, degan xulosaga kelishdi. Ular ob-havo holati va yurak xurujlari soni o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qildilar.  

Tadqiqotchilar guruhi Pekindagi kardiologiya markazlaridan birida 10 yil davomida qayd etilgan infarktga uchragan  11 527 nafar bemorning ma’lumotlarini o‘rganib, ularni kunlik meteorologik ko‘rsatkichlar bilan solishtirishdi. Tahlil natijasi ko‘rsatishicha, infarkt holatlari ko‘proq qayd etilgan kunlarda past harorat, kun davomida haroratning keskin o‘zgarishi va kuchsiz shamol kuzatilgan. Shuningdek, bunday kunlarda namlik va yog‘ingarchilik miqdori ham kamroq bo‘lgan.

Olimlar mashinali o‘qitish modeli yordamida infarkt xavfi oshishi bilan bog‘liq asosiy ob-havo omillarini aniqladilar. Kunlik harorat farqining keskin o‘zgarishi eng muhim omil deb topildi — aynan mana shu infarkt holatlari soni oshishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Tadqiqot mualliflari fikricha, bunday modellar kardiologiya xizmatlariga tushadigan yuklama oshadigan davrlarni oldindan bashorat qilish va tibbiy resurslarni to‘g‘ri taqsimlashda yordam berishi mumkin. Ular kelgusida ob-havo ma’lumotlariga bemorlarning yoshi va boshqa xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni qo‘shib, prognoz aniqligini yanada oshirishni rejalashtirishgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid