Jahon | 15:47 / 16.03.2026
5902
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha blokadasini bekor qildi

Bratislava so‘nggi daqiqada ikki milliarderni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish haqidagi talabidan voz kechdi. Natijada YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari yana olti oyga - 15 sentabrgacha uzaytirildi.

Foto: AP

Slovakiya so‘nggi pallada Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini uzaytirishga qo‘ygan to‘sig‘ini bekor qildi. Cheklov choralari darhol yana olti oyga uzaytirildi, deb Yevropa Ittifoqi 14 mart kuni ma’lum qildi. AFP agentligining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, Bratislava hukumati dastlab sanksiyalar ro‘yxatidan ikki milliarderni chiqarish haqida qo‘ygan talabidan voz kechgan. Bu ro‘yxat taxminan 2600 nafar rossiyalik milliarder va tashkilotni o‘z ichiga oladi.

Rossiyaga qarshi Ukrainaga qarshi urush sabab joriy etilgan sanksiyalar har olti oyda YeIga a’zo barcha 27 davlat tomonidan bir ovozdan uzaytirilishi kerak. Slovakiya bu jarayonni to‘sib qo‘ygan va ro‘yxatdan Alisher Usmonov hamda Mixail Fridmanni chiqarishni talab qilgan edi.

Agar Bratislava yon bermaganida, sanksiyalar muddati 15 mart kuniyoq tugagan bo‘lar edi. Endi ular 15 sentabrgacha amal qiladi. Shu bilan birga, sanksiyalar ro‘yxatidan yana ikki kishi — niderlandiyalik neft treyderi Nils Troost va Rossiyaning “Transneft” neft quvurlari kompaniyasi rahbarining qizi Mayya Bolotova chiqarildi. Yana besh kishi vafot etgani sababli ro‘yxatdan o‘chirildi.

Jami hisobda taxminan 2600 nafar shaxs va tashkilot sanksiyalar ostida qolmoqda, ular orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bor. Ularning Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatilgan, YeI hududiga kirish esa taqiqlangan.

Slovakiya va Vengriyaning Rossiyaga moyil hukumatlari bundan avval ham sanksiyalarni uzaytirmaslik bilan bir necha bor tahdid qilgan va ayrim shaxslar yoki tashkilotlarni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan edi. Ammo har safar hozirgi kabi kelishuvga erishilgan, garchi ba’zan bu eng so‘nggi daqiqada sodir bo‘lgan.

Shu bilan birga, Vengriya hanuzgacha YeIning Ukraina uchun 90 milliard yevroga teng kredit ajratishini to‘sib turibdi. Bunga sabab sifatida “Drujba” neft quvuri orqali Rossiya nefti yetkazib berish to‘xtagani ko‘rsatilmoqda. Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, quvur yanvar oyida Rossiya zarbasi natijasida shikastlangan va ishdan chiqqan.

Vengriya va Slovakiya Kiyevni ta’mirlash ishlarini ataylab cho‘zayotganlikda va ehtimoliy shikastlanishlarni quvurni to‘xtatish uchun bahona sifatida ishlatayotganlikda ayblamoqda. Ana shu mojaro tufayli Budapesht Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ham to‘sib turibdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid