Jahon | 16:22
702
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya hukumati strategik gaz zaxirasini yaratishni istamoqda

Germaniya iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe federal hukumat strategik gaz zaxirasini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bunday mexanizm tashqi shoklar va energiya narxining qimmatlashi holatlari uchun kerak.

Foto: Getty Images

Germaniya federal hukumati favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda foydalanish uchun strategik gaz zaxirasini yaratishi mumkin. Bu haqda 17 mart, seshanba kuni Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri Katerina Rayxe ma’lum qildi, deb xabar berdi AFP.

Rayxening so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati bunday zaxirani “imkon qadar tezroq” yaratish uchun turli imkoniyatlarni ko‘rib chiqmoqda va bu borada tegishli ekspert xulosalarini kutmoqda. Rayxe strategik gaz zaxirasi kelasi qish boshlangunga qadar yaratilishiga umid qilmoqda.

Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri ta’kidlashicha, strategik zaxirani yaratish bozorni izdan chiqarmasligi uchun u gaz operatorlari bilan “jadal muloqot” olib bormoqda. Rayxe mamlakat uchun ham “bozor tamoyillari asosida tashkil etilgan gaz saqlash biznesi”, ham AQSh va Isroilning Eron bilan urushi kabi “tashqi shoklar sababli kelib chiqadigan favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan vosita” zarur, deb hisoblaydi.

AFP qayd etishicha, hozirgi vaqtda Germaniyadagi gaz omborlari taxminan 22 foizga to‘ldirilgan. Eron bilan urush fonida narxlar o‘sishi sababli kelasi yozda ularni to‘ldirish qiyinlashishi mumkin. Shuning uchun hozir bozorda gazni omborlarga haydash uchun iqtisodiy rag‘bat mavjud emas.

Germaniyadagi gaz omborlarining aksariyati 1 noyabrga qadar kamida 80 foizga to‘ldirilgan bo‘lishi kerak. Yevropa Ittifoqida gaz omborlarining to‘ldirilish darajasi bo‘yicha majburiy talablar amal qiladi — bu qoidalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin joriy etilgan bo‘lib, 2027 yilgacha amal qiladi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari isitish mavsumi boshlanishiga qadar gaz omborlari zaxiralari darajasini taxminan 90 foiz atrofida ta’minlashi, yil davomida esa oraliq maqsadli ko‘rsatkichlarga tayanishi kerak. Shunga qaramay, bozorda noqulay vaziyat yuzaga kelgan hollarda ular omborlarni to‘ldirish bo‘yicha belgilangan maqsadli darajalarga yetish muddatlaridan chetga chiqishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid