O‘zbekiston | 15:32
1526
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yuzlab geografik obektlar nomi o‘zgarishi mumkin

Mamlakatda ayrim geografik obektlar nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nomlar berish rejalashtirilmoqda.

Hukumatning tegishli qaror loyihasiga ko‘ra, tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlar nomlarini davlat tili talablariga moslashtirish nazarda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar «Davlat tili haqida»gi hamda «Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash bo‘yicha respublika komissiyasining xulosalari asosida ayrim obektlarga yangi nomlar berish ham rejalashtirilgan.

Qaror loyihasiga muvofiq, tasdiqlangan nomlar keyinchalik barcha normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, xizmat yozishmalari va ma’lumotlar bazalarida qo‘llaniladi.

Kadastr agentligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli hujjatlar va xaritalarga o‘zgartirishlar kiritishi, shuningdek, joylardagi axborot ko‘rsatkichlari va peshlavhalarni davlat tili me’yorlariga mos holda qayta rasmiylashtirishi belgilangan.

Mazkur tashabbus geografik nomlarni bir xil me’yor asosida tartibga solish, ularning to‘g‘ri va yagona yozilishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid