Jahon | 13:19
5365
7 daqiqa o‘qiladi

Eron o‘z qo‘shnilarining fuqarolik obektlarini bombalashi to‘g‘rimi?

Eron kuchlar nisbati teng bo‘lmagan urushda omon qolish uchun dunyo iqtisodiyotini “asirga olmoqchi”. Bu strategiya allaqachon ish bera boshlagan: AQSh Eron neftiga sanksiyani yechdi, Vashingtonga har tomondan bosim ortib bormoqda. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida shu haqda so‘z borarkan, Tehronning Ko‘rfaz arab davlatlaridagi iqtisodiy obektlariga hujumlari bahsga sabab bo‘ldi..

— Eronning qo‘shni davlatlarga zarba berishdan boshqa chorasi yo‘qmi?

Oybek Sirojov: Eron o‘z atrofidagi energiya resurslariga zarba berishdan boshqa yo‘l ko‘rmayapti. Sababi – Amerika Qo‘shma Shtatlari masofa jihatdan juda uzoqda joylashgan, u yerga yetib boradigan raketalari mavjud emas, shu bois to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish imkonsiz. Hatto Hind okeanidagi Diyego Garsia harbiy bazasiga yo‘naltirilgan raketalar ham manzilga yetib bormadi.

Xuddi shunday vaziyat Isroil bilan ham kuzatilmoqda: hujum qilgan bilan aksariyat raketa va dronlar tutib qolinadi.

Shu sababli Eronning asosiy strategiyasi atrofidagi energiya obektlariga zarba berish orqali Isroil va Amerika Qo‘shma Shtatlariga nisbatan global bosimni kuchaytirishdan iborat. Bu taktika ma’lum darajada natija bermoqda. Masalan, Donald Tramp bu zarbalardan so‘ng bayonot berib, agar bunday hujumlar davom etsa, qat’iy javob chorasi ko‘rilishini ta’kidladi.

Bu esa muayyan signalni anglatadi, agar Eron energiya infratuzilmasiga zarba berilsa, u holda Fors ko‘rfazidagi barcha energetika obektlari xavf ostida qoladi va bu butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Bunday vaziyatning aks-sadosi hatto Yevropada ham sezila boshlaydi. Demak, Eronning boshqa real varianti deyarli yo‘q.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, AQSh va Yevropa darhol yordam berishini e’lon qilgan va amalda ham bu yordam davom etmoqda. Eronning asosiy zaif tomoni – uni ochiq qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli ittifoqchisining yo‘qligi. Ya’ni Ukraina kabi orqasida mustahkam blok yo‘q. Bugungi kunda Xitoy yoki Rossiyadan ham shunday ochiq va keng ko‘lamli yordam kutish qiyin. Shu sababli Eron hozircha yakka holda harakat qilishga majbur va mavjud sharoitdan kelib chiqib, ana shunday strategiyani tanlamoqda.

Shavkat Ikromov: Eronning Ko‘rfazdagi neft va gaz konlariga zarba berishi – nisbatan samarali va majburiy yondashuv. Amerika Qo‘shma Shtatlarining sanksiyalar siyosatida va global energetika bozorida ma’lum darajadagi yon berishlarga borayotganini ko‘ryapmiz. Urush boshlanganidan buyon AQSh bir necha bor o‘zining qat’iy sanksiya siyosatini yumshatishga majbur bo‘ldi. Birinchidan, Rossiya neftiga nisbatan ayrim cheklovlar vaqtincha yumshatildi. Xususan, ma’lum muddat davomida Rossiya neftini dengiz orqali tashiyotgan tankerlar uchun cheklovlar qo‘llanmadi. Bu qaror, asosan, Hindiston va Osiyoning boshqa hududlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energetik inqirozni yumshatish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qaror Yevropa davlatlari tomonidan tanqid qilindi, biroq AQSh uchun bu muayyan darajada majburiy choraga aylandi. Sababi Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va umuman Ko‘rfaz mintaqasidagi energetika infratuzilmasiga bosim o‘tkazilishi global neft-gaz tizimiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ikkinchidan, AQSh 1920 yilda qabul qilingan Jons Akti talablarini vaqtincha yumshatishga majbur bo‘ldi. Bu qonunga ko‘ra, mamlakat ichida neft va gaz tashish faqat AQShda ro‘yxatdan o‘tgan, AQSh fuqarolariga tegishli va AQSh bayrog‘i ostida harakatlanuvchi transport vositalari orqali amalga oshirilishi kerak edi. Hozirgi vaziyatda esa ichki energetika muammolarini yumshatish maqsadida bu cheklovlar vaqtincha bekor qilindi.

Bu holat AQSh ichki siyosatida ham savollarni keltirib chiqardi. Ayrim senatorlar: “Biz urushda aslida qanday holatdamizki, hatto ichki qat’iy qonunlarimizni ham qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lyapmiz?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

Biroq bu savollarga aniq javob berilmagan bir paytda, Donald Tramp yana bir qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Xususan, ma’lum muddat davomida Eronning dengizga chiqarilgan va tankerlarda saqlanayotgan neftiga nisbatan sanksiyalar vaqtincha bekor qilindi. Bu esa Eronga qisqa muddat ichida katta hajmdagi neftni erkin sotish imkonini berdi.

Biroq bu qaror Eron neftiga qo‘yilgan barcha sanksiyalar to‘liq olib tashlandi degani emas. Gap faqat allaqachon dengizga chiqarilgan va tankerlarda turgan neft haqida bormoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bu holatni qisman Eron foydasiga ishlagan omil sifatida baholash mumkin. Chunki u energetika infratuzilmasiga bosim o‘tkazish orqali global bozorga ta’sir qila oldi.

Boshqa tomondan, Eronning harbiy imkoniyatlari cheklangan. U asimmetrik urush olib bormoqda va kuchlar nisbati uning foydasiga emas. Eron AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvda ustun kela olmasligini yaxshi tushunadi. Ustiga ustak, qarshisida Isroil kabi kuchli raqib ham mavjud.

Nazariy jihatdan Eron proksi kuchlardan foydalanishi mumkin. Biroq amalda bu ham kutilgan darajada samarali emas. Shu sababli Eron mavjud sharoitda qo‘lidan kelgan barcha vositalardan foydalanishga harakat qilmoqda. Uning asosiy e’tibori Ko‘rfaz mintaqasiga qaratilgan bo‘lib, bu orqali global energetika tizimiga bosim o‘tkazishga urinmoqda. Ayni paytda Ko‘rfazdagi arab davlatlari ham vaziyatning murakkabligini anglab, ushbu harakatlarga nisbatan vazmin va ehtiyotkor munosabat bildirishga majbur bo‘lmoqda.

To‘liq suhbat, xususan tahlilchi Shuhrat Rasulning studiyada bahs keltirib chiqargan fikri bilan yuqoridagi video orqali tanishishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid