Jahon | 16:20
5167
6 daqiqa o‘qiladi

Xarg oroli: harbiy ssenariylar va iqtisodiy oqibatlar tahlili

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida Xarg oroli e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Kichik, ammo strategik ahamiyatga ega orolga Amerika kuchlarining zarbasi esa urushni yana avj oldirdi.

Xarg orolining sun’iy yo‘ldoshdan olingan rasmi. Foto: Planet Labs / Reuters

2026 yil 14 mart kuni AQSh prezidenti Donald Trampning buyrug‘i bilan Xarg orolidagi o‘n uchta harbiy inshootga hujum qilindi. Xarg orolidagi Amerika kuchlarining zarbasi Isroil-Amerika urushida Eronga qarshi urushning yangi bosqichini boshlab berdi. Ho‘sh, nima uchun Xarg oroli bugun bunchalik katta e’tiborni tortmoqda?

Xarg oroli – Erondagi Fors ko‘rfazida joylashgan kichik marjon oroli bo‘lib, uzunligi 8 km va kengligi 4 km. O‘rta asr geograflari Xargni marvaridlarga boy joy sifatida tilga olishgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Xargning strategik joylashuvi uni turli madaniyat va dinlarga mansub xalqlar uchun birga yashash joyiga aylantirgan. Bu yerda o‘nlab megalitik qabrlar, Abbosiy xalifaligi va sosoniylar davriga oid qabrlar, sosoniylar zardushtiylik ibodatxonalari va Nestorian cherkovi joylashgan. Shuningdek, u yerda Imomzoda Mir Muhammad Hanafiy maqbarasi, Palmira ibodatxonasi nekropoli va ahamoniylar yozuvining qoldiqlari joylashgan.

Umuman olganda, orol o‘zining fikus va lotus gullari, nafis jayronlari va noyob qushlari bilan shunday ajoyib xazinaki, XIX asrda Qajarlar sulolasi uni Britaniya tahdidlaridan himoya qilish uchun Hirotdan voz kechgan. Bugungi kunda Xarg oroli Eron uchun Ho‘rmuz bo‘g‘oziga "kirishni nazorat qilish" strategiyasining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi.

Xarg orolining mintaqadagi joylashuvi

Xarg oroli Eronning dengiz orqali neft eksportining taxminan 90-95% ini tashkil qiladi, bu mamlakatning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Shuning uchun bu hududni egallash Islom Respublikasiga "iqtisodiy nokaut" keltirishi, Tehronning raqiblariga to‘liq ko‘lamli quruqlik urushiga aralashmasdan shartlarni belgilash imkonini berishi mumkin. Isroil va Qo‘shma Shtatlar tomonidan uzoq kutilgan rejimning qulashini tezlashtirishi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining blokadasini tugatishi hamda Qo‘shma Shtatlarning asosiy global raqobatchisi, Eron neftining deyarli monopol xaridori bo‘lgan Xitoy bilan kelishuvga erishishi mumkin.

Xarg oroli egallansa, nima bo‘lishi mumkin?

Aksariyat mutaxassislar kabi AQShdagi tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, orolning egallab olinishi jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi. Neft inshootlarining vayron qilinishi – Eronning og‘ir iqtisodiy ahvoliga jiddiy putur yetkazadi. Natijada Eronning qattiq reaksiyasiga sabab bo‘ladi, bu esa urushning keskin kuchayishiga olib keladi.

Mamlakatning tarixiy va madaniy o‘ziga xosligini o‘zida mujassam etgan milliy boylik bo‘lgan o‘z hududining egallab olinishiga javoban, Eron Qo‘shma Shtatlar bilan bog‘liq mintaqadagi barcha energetika va harbiy inshootlarni bombardimon qila boshlaydi. Shu bilan ikkala tomonning mintaqaviy va global kuchlarini urushga jalb qiladi.

Bu vaziyat Amerika qo‘shinlarini Eronga joylashtirishni talab qiladi, bu esa urushga qarshi norozilik bildirgan amerikaliklar tomonidan mutlaqo ma’qullanmaydi. Bu Qo‘shma Shtatlar ichidagi yana beqarorlikka olib keladi va Trampning prezidentligiga tahdid soladi.

AQShning Xarg oroliga qarshi harbiy operatsiyasi global energetika bozorida keskin beqarorlikni keltirib chiqardi. Eronning asosiy neft markaziga hujum haqidagi xabardan so‘ng darhol brent neftining narxi bir barrel uchun 104-105 dollardan oshdi. Mojaro avj olgan sari dunyo noma’lum global iqtisodiy inqirozga duch keladi.

Foto: Getty Images

Agarda Xarg oroli ustidan urush boshlansa, narxlar yanada baland qiymat hosil qilishi mumkin. Bundan tashqari, G‘arbdan Xarg oroliga nisbatan har qanday tahdid avtomatik ravishda barcha kema qatnovlarining xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yadi. Bu esa katta yong‘inlar, suv ifloslanishi va Fors ko‘rfazi bo‘ylab dengiz muhitiga jiddiy ekologik zarar yetkazilishiga ham olib keladi.

Hozirgi urushning asl qiymati va uning nafaqat bugungi avlod uchun, balki ertangi yosh avlod uchun ham oqibatlari haqida o‘ylash vaqti keldi. Biz ularga qanday meros qoldirmoqdamiz?

Vayron qilingan, yarim vayron qilingan yoki butunlay yo‘q qilingan shaharlar, yer yuzidan o‘chirilgan madaniy va sivilizatsiya yodgorliklarimi? Va bundan tashqari, hech qanday axloq yoki xalqaro huquqning yo‘qligi, kuchsiz davlatlar ustidan kuch va diktatorlik hukmronligi, ichki ishlarga aralashish va mamlakatlarning hududiy yaxlitligini buzish… Va bizda nima qoladi?

Bunday bema’ni urushlarga qarshi sa’y-harakatlarni birlashtirish vaqti kelmadimi? Davlatlar, xalqaro tashkilotlar Xarg oroli shunchaki energiya eksporti omilidan ustunroq ekanligini, u Eronning tarixiy va madaniy o‘ziga xosligining muhim qismi, mamlakatning hududiy mulki ekanligini, hech qanday tortib olinmasligini tan olishlari kerak.

Yaxshiyamki, Prezident Tramp orolni egallash masalasi haqida gapirar ekan, bu “ko‘plab variantlardan biri” ekanini, lekin eng ustuvor yo‘nalishlardan biri emasligini ta’kidlagan. Umid qilamizki, oqilona yondashuv ustun keladi va rahbarlar o‘z mamlakatlari uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham to‘g‘ri va maqbul yechim topadi. Ya’ni, barcha sohalarda insoniyat yutuqlarini rivojlantirishda regressiya emas, balki keyingi evolyutsiyani namoyish etish.

Guli Yo‘ldosheva,

Siyosiy fanlari doktori, professor.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Tayyorlagan Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid