Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vashington Eron energetikasiga zarbalarni vaqtincha to‘xtatdi
Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi “muvaffaqiyatli va samarali” muzokaralar fonida AQSh Eronning elektr stansiyalari va energetika obektlariga zarbalarni besh kunga kechiktirishini ma’lum qildi.
Foto: Oq uy
AQSh Eronning elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga zarbalarni besh kunga kechiktiradi. Mamlakat prezidenti Donald Tramp Pentagonga shunday topshiriq berdi. U 23 mart, dushanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bu qarorni Vashington va Tehron o‘rtasida Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilikni “to‘liq va yakuniy tarzda hal etish”ga oid ikki kunlik “juda muvaffaqiyatli va samarali muzokaralar”dan so‘ng qabul qilganini yozdi.
“Ushbu chuqur, batafsil va konstruktiv muzokaralarning ruhi va ohangidan kelib chiqib, ular butun hafta davom etadi, men harbiy vazirlikka Eronning elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga qarshi har qanday va barcha harbiy zarbalarni, kelgusi uchrashuvlar va muhokamalar muvaffaqiyatli o‘tishi sharti bilan, besh kunlik muddatga kechiktirish haqida topshiriq berdim”, — deb yozdi AQSh prezidenti.
Bu so‘zlardan keyin neft narxlari keskin tushib ketdi, Yevropa bozorlarida esa kotirovkalar o‘sdi.
Ayni paytda, Eronning davlat axborot agentligi Tasnim yuqori lavozimli manbaga tayanib, AQSh bilan muzokaralar “bo‘lmagan ham, hozir ham yo‘q”ligini xabar qildi.
Agentlik tayangan manbaga ko‘ra, Donald Tramp Eronning energetika tizimiga zarbalarni Tehronning “harbiy tahdidlari”, shuningdek, jahon iqtisodiy inqirozi xavfidan cho‘chigani uchun kechiktirgan. Tasnim ta’kidlashicha, Eron hukumati “vositachilar orqali xabarlar” olgan, ammo muzokaralarga kirishmagan.
Shunga o‘xshash ma’lumotni Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga yaqin bo‘lgan Eron davlat agentligi Fars ham e’lon qildi.
Bundan bir kun oldin Tramp Eronga ultimatum qo‘yib, Islom Respublikasidan 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilgan edi. Aks holda, u AQSh “zarba berishi va bu mamlakatning turli elektr stansiyalarini, eng yirigidan boshlab, yo‘q qilishi” bilan tahdid qilgan.
Eron armiyasi esa, agar elektr stansiyalariga zarba berilsa, mintaqadagi AQShning “barcha energetika, IT va suvni chuchuklashtirish obektlari” “nishonga aylanishi”ni ma’lum qildi.
AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga zarba bergan edi. Shundan so‘ng Tehron, jumladan, jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining taxminan beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi. Bu harakatlar jahon energetika resurslari narxlarining keskin o‘sishiga olib keldi.