Jahon | 21:39 / 27.03.2026
2871
5 daqiqa o‘qiladi

Eron va AQSh muzokaralari: haqiqatmi yo propaganda?

Donald Tramp Eron rahbariyati yo‘q qilinganini ta’kidlayotgan bir paytda, muzokaralar masalasi chalkash tus olmoqda. Rasmiy bayonotlar bilan real jarayonlar o‘rtasida katta farq seziladi. AQSh muzokaralar boshlanganini aytsa, Eron buni rad etmoqda. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Tehrondagilar Trampning kuyovi va golfchi o‘rtog‘ini muzokara stolida ko‘rishni xohlamayapti.

Mavzu muhokamasi – Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida.

— Eron barcha liderlarini o‘ldirilganini da’vo qilgan Tramp, hozir kim bilan muzokara olib boryapti?

Sanjarbek Rashidov: Ko‘plab ekspertlar fikricha, bu jarayonda Stiv Uitkoff va Jard Kushner kabi shaxslar faol. Biroq Eron ularni ishonchli tomon sifatida qabul qilmaydi. Ayniqsa, Kushnerning Netanyahuga yaqinligi bu ishonchsizlikni kuchaytiradi. Eron ichki siyosatida esa vaziyat murakkab, rasmiy hokimiyatdan tashqari, real ta’sir kuchi asosan harbiy tuzilmalarda jamlangan.

Xususan, Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Hozirgi muhim shaxslardan biri – oliy rahbar etib saylangan Mujtaba Xominaiy. U haqida ma’lumotlar cheklangan bo‘lib, urush boshidan beri ko‘rinish bermadi, faqat uning nomidan yozma bayonotlar yangradi. Yana IIQK tarkibidagi ta’sirli figuradan biri – yangi rahbar Ahmad Vohidi. Ayni paytda qarorlarning katta qismi aynan harbiy doiralar orqali o‘tayotgani aytilmoqda. Shu fonda amaldagi prezident Mas’ud Pizishkiyonning hokimiyati cheklangan. Ayrim chiqishlaridan so‘ng u chetga surilgani ham ta’kidlanmoqda.

Yana bir muhim siyosiy figura – Muhammad Boqir G‘olibof. Hozirda muzokaralar aynan u orqali olib borilayotgani haqida turli manbalar xabar bermoqda. Shuningdek, Ismoil Qani boshchiligidagi “Al-Quds” kuchlari ham katta ta’sirga ega. Bu tuzilma Eronning tashqi operatsiyalarini boshqaradi va eng yopiq ham kuchli bo‘linmalardan biri hisoblanadi.

Xalqaro vositachilar masalasida esa Pokiston va Turkiya faol rol o‘ynamoqda. Har ikki davlatning ham AQSh va Eron bilan aloqalari nisbatan yaxshi. Ayniqsa, Pokiston tomoni muhim vositachi sifatida ko‘rilmoqda.

Kamoliddin Rabbimov: Bu yerda ikkita asosiy jihat bor: birinchisi aloqalar, ikkinchisi real muzokaralar. Eron tomoni muzokaralar yo‘qligini ta’kidlamoqda, AQSh esa aksincha, aloqalar borligi va muzokaralar ketayotganini aytmoqda.

Donald Tramp – siyosatda ko‘pincha axborotni o‘ziga qulay tarzda talqin qiladigan shaxs sifatida tanilgan. Ba’zan oddiy aloqa yoki xat almashuv ham u tomonidan “muzokara” sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Bu ko‘proq ichki auditoriya, xususan MAGA tarafdorlariga kuchli lider obrazini namoyish etish bilan bog‘liq.

Asosiy masalaga kelsak, urush boshlanganiga deyarli bir oy bo‘ldi va hozir Eron o‘zini nisbatan qulay pozitsiyada his qilmoqda. Agar u hozir muzokaralarga rozi bo‘lsa, G‘arb buni “Eron charchadi” deb talqin qilishi mumkin. Shu sababli Eron bosimni davom ettirishni afzal ko‘rmoqda. Bu bosim, asosan, mintaqadagi ittifoqchilarga qaratilgan.

Xususan, Kuvayt, BAA, Qatar va Bahrayn kabi davlatlarning energetika va suv infratuzilmasiga tahdidlar yangramoqda. Bu davlatlar dengiz suvini tozalash tizimlariga bog‘langan. Agar bu tizimlarga zarba berilsa, qisqa muddat ichida jiddiy gumanitar muammolar yuzaga kelishi mumkin.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Eron muzokaralardan oldin bir qator shartlarni ilgari surgan. Jumladan, ular Stiv Uitkoff va Jard Kushner kabi shaxslarni muzokarachi sifatida qabul qilmasligini bildirgan. Buning o‘rniga AQSh vitse-prezidenti J.D.Vens bilan muloqotni istamoqda. Eron nazarida, u urushga nisbatan ehtiyotkor pozitsiyaga ega siyosatchi sifatida ko‘riladi.

Hozirda ikki tomonning shartlari bir-biridan ancha uzoq. AQSh tomonidan ilgari surilgan talablar ham, Eronning javob shartlari ham keskin va imkonsiz.

Yana bir muhim jihat – Ho‘rmuz masalasi, Eron bu hudud ustidan nazoratni kuchaytirish orqali global iqtisodiyotga bosim o‘tkazish imkoniyatiga ega. Hatto ayrim qarashlarga ko‘ra, Eron ushbu yo‘lakdan o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirish g‘oyasini ham ilgari surmoqda. Bu esa katta iqtisodiy daromad manbayiga aylanishi mumkin.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid