Jahon | 20:33
695
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp IShID yetakchilaridan biri yo‘q qilinganini aytdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap «dunyodagi eng faol terrorchi» bo‘lgan IShID guruhining ikkinchi muhim rahbari Abu Bilol al-Minukiy (Abu Maynuk) haqida ketmoqda.

Foto: AFP

AQSh qo‘shinlari Nigeriya harbiylari ko‘magida Afrikada yashirinib yurgan «Islom davlati» (IShID) yetakchisini yo‘q qildi, dedi prezident Donald Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap «dunyodagi eng faol terrorchi» bo‘lgan IShID guruhining ikkinchi muhim rahbari Abu Bilol al-Minukiy (Abu Maynuk) haqida ketmoqda. «U endi Afrika xalqlarini qo‘rqitmaydi va amerikaliklarga qarshi operatsiyalarni rejalashtirishda yordam bermaydi. Uning yo‘q qilinishi bilan IShID global faoliyati sezilarli darajada zaiflashdi», deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida va Nigeriya hukumatiga harbiy operatsiyani o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

Trampning aytishicha, dekabr oyida AQSh qo‘shinlari mamlakat hukumati bilan xavfsizlik va razvedka sohasidagi hamkorlik doirasida Nigeriyadagi IShID nishonlariga «kuchli va halokatli» zarba bergan edi. Shundan so‘ng, 2026 yil fevral oyida Tramp Nigeriya kuchlariga terrorchilarga qarshi kurashda yordam beradigan harbiy xizmatchilarning «kichik guruhini» Nigeriyaga yubordi. Nigeriya prezidenti Bola Ahmad Tinubu o‘z navbatida al-Minukiy Chad ko‘li havzasidagi terrorchi majmuasiga berilgan zarba paytida bir necha safdoshlari bilan birga yo‘q qilinganini tasdiqladi.

Nigeriya qo‘mondonligi xabariga ko‘ra, operatsiya mamlakat shimoli-sharqidagi Borno shtatida o‘tkazilgan. Ushbu mintaqada «Boko Harom» terrorchilik guruhi va undan ajralib chiqqan «G‘arbiy Afrika Islom Davlati» (ISWAP) guruhi boshchiligidagi isyonchilar harakati 17 yildan beri davom etmoqda, oqibatda minglab odamlar halok bo‘ldi va 2 million kishi o‘z uyini tark etdi, deb yozadi Reuters.

Nigeriya fuqarosi Al-Minukiyning o‘zi 2023 yilda sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan «o‘ta xavfli xalqaro terrorchilar» ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid