Jahon | 08:40
2555
3 daqiqa o‘qiladi

Dubay yaqinida Kuvayt neft tankeriga hujum qilindi

To‘liq yuklangan Kuvayt neft tankerida, u Dubay portida turgan paytda, hujum uyushtirilganidan so‘ng yong‘in chiqqan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, kemaga Eron droni hujum qilgan.

Foto: Altaf Qadri/AP

2026 yil 31 martga o‘tar kechasi Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari huzuridagi Dengiz savdo tashuvlarini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) o‘z saytida ma’lum qilishicha, BAA sohillari yaqinida, Dubaydan taxminan 57 kilometr uzoqlikda, noma’lum snaryad tankerga tegishi oqibatida yong‘in chiqqan. Kuvayt davlat axborot agentligi KUNA ma’lumotiga ko‘ra, gap Al-Salmi nomli Kuvayt tankeri haqida ketmoqda.

UKMTO xabarida aytilishicha, “noma’lum snaryad tankerning o‘ng bortiga tegib, kemada yong‘in chiqargan”. “Ekipaj xavfsiz. Atrof-muhitga ta’sir qayd etilmadi”, — deyiladi xabarda. Dubay hokimiyati ma’lum qilishicha, kemadagi yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan. Shuningdek, ular zarba tankerga dron orqali berilganini bildirgan.

Kuvaytning KUNA agentligi aniqlik kiritishicha, Eron tomonidan uyushtirilgan hujum vaqtida kema “to‘liq yuklangan” holda langarda turgan. Kemaning maksimal sig‘imi qariyb 320 ming tonna neftni tashkil etadi. Agentlik shuningdek, “bevosita va qasddan qilingan” hujum kema korpusiga shikast yetkazgani va “neft to‘kilib ketishi xavfini yuzaga keltirgani”ni qo‘shimcha qilgan.

31 martga o‘tar kechasi Dubayda yana bir yong‘in urib tushirilgan raketa parchalari Al-Bada tumanidagi tashlandiq uyga tushishi oqibatida kelib chiqqan. Shahar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, bino yaqinida bo‘lgan to‘rt kishi yengil jarohat olgan.

Shu kecha boshqa davlatlar ham zarbalar haqida xabar berdi. Kuvayt Mudofaa vazirligi “dushman raketa va dron hujumlari” qaytarilayotgani haqida ogohlantirgan. Bahrayn Ichki ishlar vazirligi esa mamlakatda hujum xavfi tufayli tungi vaqtda sirenalar yangraganini ma’lum qildi.

Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi mamlakat tomon uchib kelgan sakkizta ballistik raketa yo‘q qilinganini bildirdi. Bundan tashqari, UKMTO konteyner tashuvchi kemaning yoniga ikki snaryad tushgani haqida ham xabar bergan. Bu hodisa Saudiyaning Ras-Tannura port shahridan 40 kilometr masofada sodir bo‘lgan.

28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eron hududiga havo zarbalari bermoqda. Bu zarbalar natijasida Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuchishlatar tuzilmalar vakillari halok bo‘lgan.

Eron esa bunga javoban Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlariga raketa hamda dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, arab davlatlariga qilingan hujumlardan asosiy maqsad — mintaqadagi Amerika harbiy bazalari. Eron zarbalari ostida Fors ko‘rfazidagi qator mamlakatlardagi neft omborlari va neft tankerlari ham qolgan. Bundan tashqari, urush boshlanganidan buyon Eron hujumlaridan Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqiga a’zo Kipr ham jabr ko‘rgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid