Jahon | 08:56
924
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya nefti uchun yangi muddat berdi

AQSh Moliya vazirligi Rossiya neftini dengiz orqali tashishga doir sanksiya istisnolarini yana 30 kunga uzaytirdi. Bu qaror Rossiya neftini xarid qilish uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan bir qator davlatlar murojaatidan so‘ng qabul qilingan.

Foto: AP

Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent 18 may kuni ma’lum qildi.

Uning aytishicha, yangi 30 kunlik litsenziya “eng zaif davlatlarga hozirda dengizda bo‘lgan Rossiya neftidan vaqtincha foydalanish imkonini beradi”.

Avvalroq Reuters agentligi manbaga tayanib, bir nechta mamlakat Rossiya neftini sotib olish uchun qo‘shimcha muddat so‘raganidan keyin litsenziyani uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini xabar qilgan edi.

AQSh Moliya vazirligining Rossiya nefti va neft mahsulotlarini dengiz tankerlarida sotib olishga ruxsat beruvchi avvalgi litsenziyasi 16 may kuni o‘z kuchini yo‘qotgan.

Bundan avval Skott Bessent mazkur hujjat amal qilish muddatini yana uzaytirishni rejalashtirmayotganini aytgan edi.

AQSh Rossiya nefti eksportiga nisbatan yengilliklarni 13 mart kuni joriy qilgan. Bu qaror Eronga qarshi urush fonida energiya narxlari oshgan bir paytda qabul qilingan.

Dastlab ushbu yengilliklar 30 kun — 11 aprelgacha amal qilishi belgilangan edi. O‘sha paytda Bessent bu chorani “tor doiradagi va qisqa muddatli” qaror deb atagan.

Keyinchalik AQSh dengiz tankerlariga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotish litsenziyasini 16 maygacha uzaytirgan.

The New York Times nashrining xabar berishicha, sanksiyalar yumshatilganidan keyin Rossiya neft savdosidan har kuni qo‘shimcha 100 million dollardan ortiq daromad ola boshlagan.

International Energy Agency ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning neft savdosidan tushgan daromadi mart oyida fevralga nisbatan qariyb ikki barobarga oshib, 19 milliard dollarga yetgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid