Sport | 21:43 / 31.03.2026
1556
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA ofsaydni aniqlash qoidalariga o‘zgartirish kiritdi

Endi hujum qilayotgan futbolchi himoyachidan to‘liq o‘zib ketgan taqdirdagina «o‘yindan tashqari» holatda bo‘ladi. Yangi qoidalar hali sinov jarayonidan o‘tishi kerak.

Foto: Getty images

«Yorug‘lik ofsaydi» (daylight offside) deb nomlangan yangi talqin FIFA tomonidan e’lon qilindi. Yangi qoida FIFA global futbolni rivojlantirish bo‘yicha rahbari Arsen Venger tomonidan taklif qilingan.

Endi hujum qilayotgan futbolchi himoyachidan to‘liq o‘zib ketgan taqdirdagina «o‘yindan tashqari» holatda bo‘ladi - ular o‘rtasida ko‘rinadigan bo‘shliq bo‘lishi kerak. Agar gol urishga ruxsat berilgan tananing istalgan qismi himoyachi bilan bir chiziqda bo‘lsa, ofsayd qayd etilmaydi.

«Bu muhim sinov loyihasi. Ushbu yangi talqinni professional musobaqalarda sinab ko‘rish orqali biz uning o‘yinga qanday ta’sir qilishini, jumladan, o‘yinning aniqligi va dinamikasini oshirish, shuningdek, hujumkor o‘yinni targ‘ib qilish nuqtai nazaridan yaxshiroq tushunishimiz mumkin», deb Vengerning so‘zlarini keltirdi FIFA matbuot xizmati.

Shu bilan birga, birinchi marta Football Video Support (FVS) tizimi - maxsus video hakamlarsiz soddalashtirilgan VAR muqobili ham sinovdan o‘tkaziladi. Bosh murabbiylar gol, penalti, qizil karta yoki futbolchini noto‘g‘ri jazolash epizodlarida yaqqol xatoga yo‘l qo‘yilganda cheklangan miqdorda video ko‘rish so‘rovlarini yuborishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun murabbiy vaziyatdan so‘ng darhol maxsus kartani to‘rtinchi hakamga berishi kerak.

Qayd etilishicha, yangi FVS tizimi VAR o‘rnini bosmaydi, balki hakamlarga qaror qabul qilishda yordam beradi.

Endi yangi qoidalar Kanada chempionatida sinovdan o‘tkaziladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid