Jahon | 10:26 / 04.04.2026
2170
2 daqiqa o‘qiladi

Myanma harbiy xuntasi rahbari prezident etib saylandi

Myanmada 2021 yildan buyon mamlakatni amalda boshqarib kelayotgan harbiy xunta rahbari Min Aun Hlayn prezident etib saylandi. Bu qaror 3 aprel, juma kuni Myanma parlamenti tomonidan qabul qilindi.

Foto: AP

Bundan bir necha kun oldin 69 yoshli harbiy xunta yetakchisi prezidentlikka nomzodini qo‘yish imkoniga ega bo‘lish uchun Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni lavozimidan iste’foga chiqqan edi. Tanqidchilar bu saylovlarni Min Aun Hlaynning o‘z hokimiyatiga demokratik qonuniylik ko‘rinishini berishga urinishi sifatida baholamoqda.

Yanvar oyida fuqarolik urushi domidagi Myanmada harbiy xunta tashkil etgan parlament saylovlari yakunlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularda harbiylar tarafdori bo‘lgan Ittifoq birdamligi va taraqqiyoti partiyasi g‘alaba qozongan. Kuzatuvchilar esa bu saylovlarni mamlakatda to‘ntarish orqali hokimiyatni egallaganlar hukmronligini qonuniylashtirishga qaratilgan “soxta saylov” deb atagan.

Myanmada 2021 yil fevralida harbiy to‘ntarish yuz bergan. Mamlakat rahbarlari, jumladan davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va prezident Vin Min hibsga olingan. Hokimiyat Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Min Aun Hlayn va harbiy tuzilmalar qo‘liga o‘tgan.

Generallar to‘ntarishni 2020 yilgi saylovlarda go‘yo qonunbuzilishlar bo‘lgani bilan izohlagan edi. O‘sha saylovlarda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji boshchiligidagi “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi katta ustunlik bilan g‘alaba qilgan. Ammo harbiylar bu qonunbuzilishlarga doir hech qanday dalil taqdim etmagan.

Aun San Su Chji bir qator ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilib, qamoqqa olingan. 2024 yil aprelida esa u uy qamog‘iga o‘tkazilgan.

2025 yil iyulida favqulodda holat rejimi tugagani rasman e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda mamlakatdagi hokimiyat hanuz harbiylar nazorati ostida qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid