Jahon | 15:28
7310
7 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rfaz davlatlari yangi voqelikka duch kelmoqda

Boy arab davlatlari o‘zlarining zaif tomonlarini fosh qilgan urushdan so‘ng Isroil, Eron va hatto AQSh bilan ham munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.

14 mart kuni Eron hujumidan so‘ng Fujayrada yonayotgan neft ombori / Foto: AP

7 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilindi. Bu vaqtda Ko‘rfazdagi boy arab davlatlari yetakchilari xavotirli yangi voqelik bilan kurashmoqda.

Bir vaqtlar Dubay va Doha kabi boy shaharlardagi siyosatchilar, investorlar va aholi o‘zlarini mintaqadagi mojarolardan amalda himoyalangan deb hisoblagan. AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi bu taxminni parchalab tashladi, deb yozmoqda New York Times'ning Ko‘rfaz byurosi rahbari Vivian Nereym.

Avvalo, Ko‘rfaz mamlakatlari Eronning minglab raketa va dronlari yetkazgan zararni qoplashi kerak. Energiya eksportidagi uzilishlar tufayli joriy yilda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari qisqarishi kutilmoqda. Shu bilan birga ular Isroil, Eron va o‘zlarining asosiy xavfsizlik kafolati bo‘lgan AQSh bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Chunki urush arablarning neft konlari, suvni chuchuklashtirish zavodlari, mehmonxona va aeroportlari naqadar zaif ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

«Bugungi kunda AQSh bilan mavjud bo‘lgan barcha narsalarimiz bizga hozir kerak bo‘lgan kafolatni bermaydi. Bu bizga qarshi har qanday hujumni to‘xtatib qola oladimi? Yo‘q», deydi Saudiya Arabistonidagi Ko‘rfaz tadqiqotlari markazi raisi Abdulaziz Sag‘ir.

Hayotiy muqobil kafolat beruvchini qidirayotgan hukumatlar amalda bunday kuch mavjud emasligini ko‘rishlari mumkin. Agar Trampning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi urushning yakuniga aylansa ham, arablar Eron bilan yuzma-yuz qolishlari mumkin.

«Lat yegan, kaltaklangan, g‘azablangan, lekin dadillashgan Eron bilan yolg‘iz qolish g‘oyasi — menimcha, bu haqiqiy xavotirdir», dedi Bloombergʼning Yaqin Sharq geoiqtisodiyot bo‘yicha rahbari Dina Esfandiyar.

Urush boshlangach Eronning javob zarbalari – Qatar, Bahrayn, Kuvayt, BAA va Saudiya Arabistoniga — AQSh harbiy bazalari yoki xodimlari joylashgan barcha mamlakatlarga tegdi. Ushbu davlatlardagi rahbarlar o‘z bizneslari va xodimlarining xavfsizligiga ishonchlari komil emas. 28 fevraldan keyin shoshib chiqib ketgan oilalar qachon qaytishi yoki umuman qaytmaslik haqida o‘ylamoqda.

Ho‘rmuzning taqdiri va mo‘rt sulh

Bundan tashqari, global iqtisodiyot uchun hayotiy ahamiyatga ega, Ko‘rfaz mamlakatlari gaz va neft eksport qilishlari uchun zarur bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi taqdiri ham hanuz noaniq bo‘lib qolmoqda.

Bloomberg News Eron so‘nggi haftalarda kemalarning bo‘g‘ozdan o‘tishi uchun amalda boj yig‘ish tizimi joriy qilganini xabar berdi. Agar bu ssenariy urushdan keyin ham saqlanib qolsa, bu Ko‘rfazning ko‘plab davlatlari uchun dahshatli tush bo‘ladi: ularning eksport tushumlarini Eronning ixtiyoriga topshirib qo‘yishi mumkin.

«Haqiqatda, ushbu urushning eng muhim natijalaridan biri Ko‘rfazdagi mintaqaviy xavfsizlik tizimi konsepsiyasining parchalanishidir. Ko‘rfazdagi xavfsizlik tizimi ma’lum aksiomalarga asoslangan edi. Ushbu aksiomalarning ko‘pchiligi chetlab o‘tildi», dedi Qatar Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Majid al-Ansoriy.

Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr Al-Busaydiy esa «hozircha dunyo falokatdan bir qadam ortga chekinganini» aytdi. Ammo «xotirjamlikka o‘rin yo‘q. Endi mustahkam tinchlik uchun jiddiy muzokaralar zarur».

BAAning yuqori martabali mulozimi Anvar Gargash vatanparvarlik va bayramona ruhda gapirib, amirliklar «biz chin dildan qochishga harakat qilgan urushda g‘alaba qozondi» deb aytdi.

Shunga qaramay, Ko‘rfaz mamlakatlari sulhdan keyin ham – chorshanba kuni erta tongda kelayotgan hujumlar haqida ogohlantirishlar berishda davom etdi.

Urushning ilk kunida Dubay xalqaro aeroporti / Foto: AP Photo

Bahrayn Ichki ishlar vazirligi «Eron tajovuzi» natijasida yuzaga kelgan yong‘in haqida xabar berdi. Quvayt armiyasi esa o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach, 28 ta dron tutib qolingani va «dushman Eron hujumlarining shiddatli to‘lqini» haqida ma’lum qildi.

AQShning cheklangan imkoniyatlari

Muallifning yozishicha, nima bo‘lishidan qat’i nazar, endi qirollar – AQShning mintaqada qarorlarini boshqarish qobiliyatining yangi, ko‘rinib qolgan cheklovlari bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keladi. Garchi qirollik oilalari prezident Tramp va uning oilasi bilan shaxsiy aloqalarni rivojlantirgan bo‘lsa ham.

«Biz Ko‘rfazda aziyat chekmoqdamiz, chunki urushni u [Tramp] boshladi. Biz unga oqibatlari haqida aytgan edik. Biz bilan hech qachon maslahatlashishmadi», dedi Ko‘rfaz tadqiqotlari markazi mutaxassisi Abdulaziz Sag‘ir.

Ko‘rfaz mamlakatlari, shuningdek, Eron bilan qanday munosabatda bo‘lishni ham hal qilishlari kerak bo‘ladi. Saudiya Arabistoni va Amirliklar so‘nggi yillarda Eron bilan munosabatlarni iliqlashtirishga harakat qilib, u tomonidan bo‘ladigan tahdidni kamaytirishga intilgandi. Ba’zi rasmiylar bu qarorga achchiqlanish bilan qaramoqda.

«Ushbu urush yakunlanganda – singan ishonchni qayta tiklash uchun juda uzoq vaqt talab qilinadi», degan Saudiya Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon 19 mart kuni.

Bundan tashqari, Ko‘rfaz hukumatlari urushdan keyin turli xil pozitsiyalarni egallashi ehtimoli bor. Bu esa mintaqadagi ixtiloflarni chuqurlashtirishi mumkin. Masalan, BAA va Saudiya o‘rtasidagi – har ikkisi ham Eron hujumiga uchragan paytda to‘xtab qolgan raqobat tez orada davom etishi mumkin. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid