Jahon | 21:28 / 10.04.2026
1738
4 daqiqa o‘qiladi

Tayvan muxolifati yetakchisi Pekinda Si Jinping bilan uchrashdi

Xitoy raisi Si Jinping 10 aprel kuni Tayvanning eng yirik muxolifat partiyasi rahbari Chjen Liven bilan uchrashdi. Bu bunday darajadagi kamdan-kam uchraydigan muloqot - har ikki tomon Tayvan bo‘g‘ozida tinchlikni saqlashga intilishini ta’kidladi.

Foto: AP

Chjen Liven so‘nggi o‘n yil ichida Xitoyga tashrif buyurgan muxolifatdagi Gomindan partiyasining (GPT) birinchi amaldagi rahbari bo‘ldi. BBC tafsilotlarni keltirdi.

Chjen Xitoyga rais Si Jinping va Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP MK) taklifiga binoan tashkil etilgan 6 kunlik tashrif bilan keldi. Chjen Liven Pekin, Shanxay va Tszyansu provinsiyasiga tashrif buyurishi kutilmoqda.

2016 yilda Pekin Tayvan bilan yuqori darajadagi aloqalarni hukmron Demokratik taraqqiyparvar partiya (DTP) vakili Say Inven hokimiyatga kelganidan keyin to‘xtatdi - bunga uning «yagona Xitoy davlati» konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

DTP vakillari, jumladan, Chjenning tashrifini tanqid qilib, uni Pekinga bo‘ysunishda aybladi.

Xitoy Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb biladi va bu o‘zini o‘zi boshqaradigan orolni kuch bilan qo‘shib olish imkoniyatini istisno etmaydi.

«Ikki partiya yetakchilari bugun umumiy uyimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash, bo‘g‘oz orqali munosabatlarning tinch rivojlanishiga hissa qo‘shish va kelajak avlodlarga yorqin va go‘zal kelajakni baham ko‘rish imkoniyatini berish uchun uchrashmoqda», dedi Si Jinping Pekindagi Xalq yig‘inlari uyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy turli tomonlar, jumladan, Gomindan partiyasi bilan muloqotni mustahkamlashga tayyor, lekin faqat ular Tayvan mustaqilligiga qarshi bo‘lsa.

Si, shuningdek, Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tomonida xitoyliklar yashashini va ularning barchasi tinchlikni xohlashini yana bir bor ta’kidladi.

Bunga javoban Chjen «Xitoy millatining qayta tiklanishi bo‘g‘ozning har ikki tomonidagi xalqlarning umumiy maqsadi» ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu «tinchlik va insoniyat taraqqiyotiga ijobiy hissa qo‘shadi».

Xitoy rahbari bilan yopiq uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Chjen har bir avlod yoshlari «1992 yilgi konsensusni» saqlab qolish «urushdan qochish, fojialarning oldini olish, hamkorlik qilish va tinchlik o‘rnatish» usuli ekanini tushunishi kerakligini ta’kidladi.

«1992 yilgi konsensus» - bu o‘sha paytdagi Gomindan rahbariyati va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasida «yagona Xitoy» mavjudligi to‘g‘risida erishilgan kelishuv bo‘lib, tomonlar ushbu tamoyilni turlicha talqin qiladi.

Tayvan Demokratik taraqqiyparvar partiyasi bu konsensusni izchil ravishda rad etib, u Tayvan suverenitetiga putur yetkazishini da’vo qilmoqda.

Gomindan partiyasi an’anaviy ravishda Xitoy bilan iliqroq munosabatlarga ega, ammo ba’zi tahlilchilarning fikricha, Chjenning Si Jinping bilan uchrashishga intilishi uning o‘tmishdoshlarining ehtiyotkorona yondashuvidan farq qiladi.

Pekin Tayvan prezidenti Lay Tsinde bilan rasmiy muloqot qilishdan bosh tortmoqda, uni separatist deb ataydi.

Layning o‘zi bo‘g‘oz orqali munosabatlarda status-kvoni saqlab qolishga sodiqligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq Xitoy hukumati va davlat ommaviy axborot vositalari uni «provokator» va «urush qo‘zg‘atuvchisi» deb tanqid qilmoqda.

Tayvan aholisining aksariyati o‘z mamlakatini suveren davlat deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ko‘pchilik status-kvoni saqlab qolish tarafdori - Xitoy bilan birlashmasdan va mustaqillikni rasman e’lon qilmasdan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid