20 may kuni Pekindagi Xalq yig‘inlari maydonida boshlangan rasmiy uchrashuvlar – Si xuddi shu joyda Donald Trampni qabul qilganidan bir necha kun o‘tib, deyarli bir xil formatda yuz bermoqda.

Xitoy va Rossiya yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar dastlab nozik masalalarni muhokama qilish uchun «tor doiradagi uchrashuv» bilan boshlandi. So‘ngra har ikki yetakchi o‘z delegatsiyalari bilan «keng doiradagi uchrashuv» o‘tkazdi.

Putin nimalar dedi?
Putin esa o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar «yaxshi o‘sish sur’atini ko‘rsatayotgani»ni aytdi. Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar «misli ko‘rilmagan darajada yuqori darajaga» yetdi, dedi Putin. TASS xabariga ko‘ra, u so‘nggi 25 yil ichida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 30 baravardan ko‘proq oshganini ham qayd etgan.
Shuningdek, Kreml rahbari Yaqin Sharqda davom etayotgan inqiroz sharoitida Rossiya «ishonchli energiya yetkazib beruvchi» bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

BBC'ning yozishicha, Putin Sini kelgusi yili Rossiyaga tashrif buyurishga taklif qildi va Pekin hamda Moskva o‘rtasidagi munosabatlar «global barqarorlikka yordam berayotganini» qo‘shimcha qildi. Si oxirgi marta o‘tgan yilning may oyida Rossiyaga tashrif buyurgandi.
Rossiya OAVlariga ko‘ra, Putin avvalgidek Sini «aziz do‘st» deb atagan. Rossiya rahbari, shuningdek, xitoycha maqolni esga oldi: «Bir kun ko‘rishmasak ham, uchta kuz o‘tgandek tuyuladi». Bu odatda muhim voqeaning sodir bo‘lishini yoki maqsadga erishishni uzoq va qiyinchilik bilan kutishni ifodalash uchun ishlatiladi.
Si nimalar dedi?
Si Jinping o‘zining kirish so‘zida ikki davlat — milliy taraqqiyot va qayta tiklanish borasida bir-biriga yordam berishi kerakligini aytdi.
Si Putinga Xitoy-Rossiya munosabatlari bunday darajaga yetganining sababi – har ikki davlat «o‘zaro siyosiy ishonch va strategik hamkorlikni doimiy ravishda chuqurlashtira olgani» ekanini aytgan.















