Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin va Si Jinping Pekinda uchrashdi. Tashrif yakunlari
Ular o‘nlab hujjatlarni imzolashdi, ammo asosiy masalalar – «Sila Sibiri – 2» gaz quvuri qurilishi qachon boshlanishi va Rossiya gazi narxi qancha bo‘lishi bo‘yicha kelishuv bo‘lmadi.
Kristina Soloveva / RIA Novosti / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
Vladimir Putin va Si Jinping Pekinda muzokara o‘tkazdi. Ular 40 ga yaqin hujjatni imzolashdi, jumladan, «Ko‘p qutbli dunyo va yangi turdagi xalqaro munosabatlarni shakllantirish to‘g‘risida»gi qo‘shma deklaratsiya, shuningdek, «Har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida»gi qo‘shma bayonot qabul qilindi. Qariyb 10 ming so‘zdan tashkil topgan mazkur bayonot yadroviy xavfsizlikdan tortib Amur yo‘lbarslarini himoya qilishgacha bo‘lgan masalalarni qamrab oladi.
Putin va Si Jinping asosiy masala – «Sila Sibiri – 2» gaz quvuri qurilishi bo‘yicha kelisha olmadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov loyihani ishga tushirishning aniq muddatlari yo‘qligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat yo‘nalish va asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha umumiy kelishuv bor, xolos. Muhim tafsilotlar hamon ochiq qolmoqda. Aslida esa bu quvurni qurish va barcha masalalarni hal qilish uchun kamida 8-10 yil vaqt kerak bo‘ladi. Pekin hozircha yangi quvur qurishdan ko‘ra, amaldagi «Sila Sibiri – 1» orqali ko‘proq gaz olishni afzal ko‘ryapti.
Yangi gaz quvuri orqali yetkazib berilishi rejalashtirilgan Rossiya gazi narxi qancha bo‘lishi ham noma’lum. RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiya va Xitoy yetkazib berish shartnomalarini rasmiylashtirishni yakunlayotganini ma’lum qildi.
Rossiya va Xitoy «Ukraina inqirozining asosiy sabablarini to‘liq bartaraf etish» zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Sheriklik va strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotda aytilgan. Putin 2022 yildan beri Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan katta urush haqida gapirarkan, «birinchi sabablar» haqidagi xuddi shu iborani doimiy ravishda ishlatadi. Bayonotda Xitoyning Rossiya-Ukraina mojarosi bo‘yicha pozitsiyasi «obektiv va xolis» deb atalgan.
Rossiya Tayvanning «har qanday shakldagi» mustaqilligiga qarshi ekanini tasdiqlagan. «Dunyoda faqat bitta Xitoy bor, Tayvan uning ajralmas qismi, Xitoy Xalq Respublikasi hukumati esa butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumatdir», – deyiladi qo‘shma bayonotda. Putin Xitoyning «o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, shuningdek, mamlakatni birlashtirish bo‘yicha» harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.
Putin va Si Jinping Amerikaning raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha yangi loyihasiga qarshi chiqdi. Gap «Oltin gumbaz» loyihasi haqida ketmoqda – bu AQShning butun hududini, jumladan, Alyaska va Havayi orollarini to‘liq himoya qilishi kerak bo‘lgan ko‘p bosqichli tizimdir. Bu loyihani Donald Tramp 2025 yil may oyida taqdim etgan edi. Rossiya va Xitoy «Oltin gumbaz»ni «strategik barqarorlikka tahdid» deb atadi.
Putinning Pekinga tashrifi Trampning tashrifidan bir hafta o‘tmay amalga oshirildi. AQSh prezidentining Xitoy rahbari bilan muzokaralarida savdo munosabatlari bo‘yicha yutuqqa erishilmagan va u Eron bilan mojaroni hal qilishda sezilarli yordam ololmagandi. Putin va Trampni deyarli bir xil qabul qilishdi – Si Jinping ularga deyarli bir xil marosimlar uyushtirdi. Reuters agentligi ikkala tashrif ham Xitoy va uning rahbari qudrati ortib borayotganini ko‘rsatgani haqida yozgan.
Mavzuga oid
21:56 / 20.05.2026
Putin Xitoyga tashrifini yakunladi: asosiy ma’lumotlar
12:19 / 20.05.2026
«Bir-birimizga yordam berishimiz kerak» – Pekinda Putin va Si muzokaralari boshlandi
19:00 / 17.05.2026
Tramp Sini «do‘stim» dedi, ammo Xitoydan «quruq qo‘l» bilan qaytdi
10:49 / 17.05.2026