O‘zbekiston | 20:58 / 12.04.2026
509
2 daqiqa o‘qiladi

Temuriylar merosini o‘rganish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi

Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga 25 mamlakatdan tashrif buyurgan 300 dan ortiq ekspert O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga jamoaviy murojaat yo‘lladi. Unda davlat rahbariga nufuzli forumni yuksak xalqaro darajada tashkil etgani uchun chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik izhor etildi.

Foto: Kun.uz

Prezident nomiga yo‘llangan murojaatda Amir Temur va Temuriylar sulolasi merosi jahon tarixining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, sohibqironning davlatchilik tafakkuri, ilm-fan, madaniyat, shaharsozlik, diplomatiyaga bo‘lgan e’tibori hamda adolatli boshqaruv tamoyillari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolayotgani qayd etildi.

Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tgan forum doirasida 200 dan ortiq ilmiy ma’ruza taqdim etildi. Ular Temuriylar davridagi davlat boshqaruv va diplomatiyadan tortib, ilm-fan, san’at, me’morchilik hamda madaniy siyosatgacha bo‘lgan keng qamrovli mavzularni o‘z ichiga oldi.

Konferensiya yakunlariga ko‘ra, xalqaro ishtirokchilar Temuriylar merosini o‘rganishning yangi bosqichiga qaratilgan amaliy tashabbuslar paketini taqdim etdilar. Eng muhim natija sifatida xalqaro “yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Unda davrni kompleks o‘rganish, ilmiy dasturlarni kengaytirish, fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish, shuningdek, qo‘lyozma, arxiv va muzey merosini saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish ishlarini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, yoshlarda tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish, Temuriylar davri madaniy obektlarini xalqaro maydonda targ‘ib etish hamda yosh tadqiqotchilarni grantlar, ilmiy loyihalar va akademik tashabbuslar orqali tizimli qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid