Sport | 18:02
2688
2 daqiqa o‘qiladi

Oldimizda yana ikkita marra turibdi – Javohir Sindorovning murabbiyi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorovning germaniyalik murabbiyi Roman Vidonyak uning Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Bu hali eng katta natija emas. Biz rejamizdagi to‘rt bosqichdan ikkinchisini yakunladik. Birinchisi Nomzodlar turniriga chiqish edi. Ikkinchisi esa uni yutish. Buni uddaladik. Endi navbat uchinchi bosqichga — jahon chempionligi uchun matchga. Eng qiyini to‘rtinchi bosqich bo‘ladi: 2800 ball darajasiga chiqib, turnirlarda doimiy ustunlik qilish. Buni o‘z vaqtida Garri Kasparov va Magnus Karlsen qilgan», dedi u.

Vidonyak so‘zlariga ko‘ra, bu darajaga chiqish uchun vaqt kerak.

«Buning uchun kamida ikki yil jiddiy ishlashimiz kerak. Ular (Kasparov va Karlsen) bu yoshda allaqachon tayyor edi, biz esa hali ham ustimizda ishlayapmiz», dedi u.

U tayyorgarlik jarayoniga ham to‘xtaldi.

«Bir yil ichida to‘qqizta yig‘in o‘tkazdik. Ular asosan Myunxenda bo‘ldi, har biri 10–14 kun davom etdi. Shuningdek, biz odatda kompyutersiz, shaxmat taxtasi oldida ishlaymiz. Turli mavzular bo‘yicha tizimli tarzda men tuzgan 40 mingga yaqin mashqlarni bajaramiz. Maqsad o‘yinchining fikrlashini rivojlantirish», deb tushuntirdi Vidonyak.

Roman Vidonyak 2025 yil boshidan Javohir Sindorov bilan ishlay boshladi. Uning murabbiyligida shaxmatchi Jahon Kubogini qo‘lga kiritdi, Tata Steel Chess superturnirining vitse-chempioni bo‘ldi va Nomzodlar turnirining muddatdan ilgari g‘olibiga aylandi.

Endi 20 yoshli grossmeyster jahon shaxmat toji uchun amaldagi chempion Gukesh Dommaraju bilan kuch sinashadi. O‘yin dekabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid