Jahon | 22:06 / 18.04.2026
2257
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda otishma: 6 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi

Hodisa Kiyevning Goloseyevsk tumanida sodir bo‘ldi. Qurolli shaxs avvaliga ko‘chada odamlarga qarata o‘q uzgan, keyin esa supermarketga kirib, bir necha kishini garovga olgan.

Foto: AP

Kiyevda otishma sodir bo‘lishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi va 15 kishi jarohatlandi. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolli shaxs ko‘chada va supermarketda odamlarga qarata o‘q uzishi natijasida besh kishi halok bo‘lgan. Yana bir ayol olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan

Klichkoning ma’lum qilishicha, 15 kishi jarohatlangan bo‘lib, ular orasida yosh bola ham bor. Uning qo‘shimcha qilishicha, supermarket ichida ham halok bo‘lganlar borligi to‘g‘risida dastlabki ma’lumot olingan.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko otishma uyushtirgan shaxs qo‘lga olish chog‘ida otib o‘ldirilganini ma’lum qildi. U supermarketda garovga olgan to‘rt kishi qutqarilgan.

«Ukrainskaya pravda» nashrining yozishicha, hujum uyushtirgan shaxs Dmitriy Vasilchenkov bo‘lib, u Moskvada tug‘ilgan, so‘ngra Baxmut, keyinroq Kiyevda yashagan.

Otishma 18 aprel kuni Kiyevning Goloseyevsk tumanida yuz bergan. Vasilchenkov avvaliga ko‘chada odamlarga qarata o‘q uzgan, keyin esa supermarketga kirib, bir necha kishini garovga olgan.

Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, "u bilan 40 daqiqa davomida muzokara olib borishga urinishgan", biroq jinoyatchi muzokaraga kirishmaganidan so‘ng shturm qilish qaroriga qilingan.

Ma’lum qilinishicha, erkak ro‘yxatdan o‘tkazilgan qurolga ega bo‘lgan. Ukraina OAVning yozishicha, u Kel-Tes Sub-2000 yarimavtomat karabin bilan hujum uyushtirgan – ovchilik ruxsatnomasiga ega bo‘lgan 25 yoshdan oshgan ukrain fuqarolari bunday qurolga ega bo‘lishi mumkin.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid