Jahon | 23:37 / 20.04.2026
1155
5 daqiqa o‘qiladi

«Forscha shaxmat Trampga og‘irlik qilyapti» – muzokaralarda mujmallik hukmron

Amerika va Eron o‘tgan hafta o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Pokiston vositachiligidagi muzokaralar haqida Trampning gaplarini o‘qigan odam bevosita Eron oq bayroq ko‘tardi deb o‘ylashi hech gap emas.

Lekin aslida vaziyat butkul boshqachaga o‘xshaydi. Mana, eng oxirgi xabarlarni aytay: Amerika Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eron kemasini qo‘lga oldi, bunga javoban eronliklar Amerika harbiy kemasiga dron bilan hujum qildi. Hatto Eron ertaga bo‘ladigan muzokaralarda qatnashmasligi ham mumkin ekan. Endi bu Rossiya–Ukraina urushiga o‘xshab ketdi, shunday emasmi? Rossiya ham Kiyevni uch kunda egallayman deb urush boshlagandi, lekin bir yil o‘tib Rossiyaning chegara oblastlarida odamlar bombapanada tunashi oddiy holga aylandi.

«Fors shaxmati Trampga og‘irlik qilyapti»

Siyosatshunos Arkadiy Dubnov hozirgi holatga juda ajoyib ta’rif berdi: «Eronliklar xuddi barqudrat Amerika prezidentini kalaka qilgandek uning tahdidlarini bumerang kabi o‘ziga qaytarmoqda. Fors shaxmati Trampga og‘irlik qilyapti».

Vaziyatga bundan yaxshiroq ta’rif berish imkonsiz. Chindan Eron Amerika o‘zidan ming chandon kuchli ekanini tushungan holda yo‘l tutmoqda. Bir qarashda ular muzokaralarda qatnashmoqda, Amerikaning shartlariga rozidek, lekin bitta kemani blokadadagi dengizga chiqarib Amerikaning rejasini barbod qilishdi. Eron rahbariyati Amerika qo‘lga olgan o‘sha kema muzokara oldidan bo‘g‘ozga chiqsa, muammo chiqishini bilmagan deb o‘ylaysizmi? Bilgan, albatta.

Hozir eronliklar Amerikaga qarshi muzokara stolida «mujmallik strategiyasi» bilan kurashayotganga o‘xshaydi (shu o‘rinda Eronning muzokarani cho‘zishning piri bo‘lib ketgan yaqin bir ittifoqchisi borligi esga tushadi). Amerika aniq dushmanga qarshi qanday kurashishni biladi, razvedka yaxshi ishlaydi, harbiy obektlarni aniqlab urishadi, pul ko‘p, texnikadan muammo yo‘q. Lekin mujmallik bilan kurashishning imkoni yo‘q. Unga qarshi kurash uchun hech qanaqa formula, hech qanday reja ishlab chiqilmagan. Buni bilgan Eron muzokaralarda imkon qadar vaqtni cho‘zmoqchiga o‘xshaydi.

Hozir Amerika Eronni yana bombalasa, jamiyatda Trampga nisbatan norozilik yanada kuchayadi. O‘zi Eronda bombalaydigan hech nima qolmadi. Eronning boya aytganimiz ittifoqchisiga o‘xshab to‘g‘ri kelgan joyga raketa otib «bu harbiylar to‘planib turgan maxfiy obekt edi!» deyisholmaydi, Tramp «Eronda hech qanaqa harbiy qudrat qolmadi, barchasini vayron qildik», deb aytib qo‘ydi. Bundan tashqari, Tramp Eron armiyasini dushman deb hisoblamaydi, u Xominaiy rejimini ag‘darishni istardi, Eron xalqini alqab, ularning mehrini qozonishni istaydi axir.

Eron vaqtdan yutayotganining sabablari ko‘p. Avvalo ularda bosim yo‘q, xalq hukumatga bosim qilolmaydi, Muhofizlar korpusi hamon aholi ustida total nazoratga ega, murvatlar oldingidan ham qattiqroq mahkamlangan. Tramp esa 350 millionlik amerikalik bosimi ostida. Ular «yashasin urush», «o, podshohimiz Tramp, istaganingizga urushavering», deb prezidentni qo‘llayotgani yo‘q.

Bunday holatda muzokara cho‘zilishi xuddi Rossiya–Ukraina muzokaralari kabi mujmal ko‘rinish olishi faqat Amerika zarariga ishlaydi. Bir oydan keyin butun dunyo futbol jamoalari AQShga borishni boshlaydi. Uyiga mehmon kelgan odam ko‘chada urushib yurishi qanchalik xunuk ko‘rinishini Tramp yaxshi tushunadi. Bundan tashqari, kuzda oraliq saylovlar.

Va eng yomoni Tramp urush tugashi haqida e’lon qilgach, unda g‘alaba deb ko‘rsatadigan hech narsa yo‘q. Urushdagi bomba portlashi, harbiy obektlar yo‘q qilinishi, bir uchuvchi dushman davlati ichkarisidan olib chiqilishi, turli qurollarni ko‘z-ko‘z qilish o‘z yo‘liga. Yuqoridagi siyosatchi aytganidek – urushni shaxmatga aylantirib, uning yo‘nalishini boshqarish boshqa narsa.

Janob Tramp urush boshlayotganda bir narsani hisobga olmagan ko‘rinadi, Amerika ham, uning ittifoqchisi Isroil ham davlatchilik o‘choqlaridan biri bo‘lgan Eron uchun kechagi davlatlar. Forslarda urushning har qanday ssenariysi paytida ham jon saqlash rejasi bo‘ladi. Ular birinchi marta urushayotgani yo‘q.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid