Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev: Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin
Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan prezident Shavkat Mirziyoyev narkotiklar savdosi, narko-jinoyatlar va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
Foto: Kun.uz
Davlat rahbari o‘z nutqida bugungi tahlikali dunyoda uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishning yangi shakllari insoniyat uchun transmilliy tahdidlar ko‘lamini tobora kengaytirayotganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xususiyat kasb etib, jinoiy guruhlar shifrlangan aloqa kanallari, kontaksiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanmoqda. Bu esa narkotiklarga qarshi kurashishda zamonaviy yondashuvlar va yangi yechimlarni talab etmoqda.
Qayd etilishicha, narkobiznes bu faqat giyohvand moddalar aylanmasi emas, bu – milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiradigan manba hamdir.
Jinoiy mablag‘larni yuvishning eng katta qismi bugun aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.
"Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning “moliyaviy arteriya”larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi", dedi prezident.
Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarur.
"Shuningdek, noqonuniy mablag‘lar harakatini dunyo bo‘ylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini joriy qilishni taklif etaman", dedi davlat rahbari.
Prezidentning qayd etishicha, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan, har yili qariyb 600 ming inson ushbu illat qurboniga aylanmoqda. Bu xavf-xatar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotgani, shu bois mamlakatda giyohvandlik va narko-jinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjati qabul qilingan. Ayniqsa, 2024 yilda narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning qabul qilinishi bu yo‘nalishdagi eng muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi. Shu sa’y-harakatlar natijasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobarga, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobarga, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar esa 7 barobarga oshgani ma’lum qilindi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narko-jinoyat fosh etilgan, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yo‘q qilingan. Shuningdek, 14 ta yashirin narkolaboratoriya va 72 ta yirik internet-do‘kon faoliyatiga chek qo‘yilgan. Ayni vaqtda, bunday jinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, asosiy xavf guruhini 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilayotgani alohida tashvish bilan tilga olindi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda yoshlarni giyohvandlikdan asrash, ularda narko-jinoyatlarga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilayotgani bildirildi. Bu jarayonda oila, mahalla, maktab, texnikum va oliy ta’lim muassasalarining o‘rni kuchaytirilayotgani, yaqinda tashkil etilgan “Anti-Narko” volontyorlik harakati qisqa vaqt ichida 17 mingdan ortiq yoshni birlashtirgani ta’kidlandi. Barcha hududlarda sun’iy intellekt yordamida narkotiklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan AI Hackathon milliy loyihasi ham boshlangan.
Prezident xalqaro hamkorlik masalasiga ham alohida to‘xtalib, giyohvandlikka qarshi kurash faqat bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyati va majburiyati ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston bu borada 50 dan ortiq davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Davlat rahbari mazkur aloqalarni mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim ko‘prik sifatida baholadi.
Murojaatda transmilliy narko-jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator aniq tashabbuslar ham ilgari surildi. Xususan, barcha ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari ma’lumotlar bazasini birlashtiradigan, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirish taklif etildi. Ushbu platforma narko-trafik yo‘nalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish va transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, prezident narko-biznesning moliyaviy manbalariga qarshi kurashishni kuchaytirish lozimligini urg‘ulab, kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar joriy etish va “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligini qayd etdi. Bundan tashqari, noqonuniy mablag‘lar harakatini dunyo bo‘ylab avtomatik tarzda aniqlaydigan va bunday mablag‘ni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Nutqda sintetik narkotiklarning yangi turlari kun sayin paydo bo‘layotgani sababli doimiy muloqot maydonini ishga tushirish, sintetik narkotiklarga ruju qo‘ygan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda ishlab chiqish zarurligi aytildi. Shu bilan birga, giyohvandlikka chalinganlarning tibbiy reabilitatsiyasi sohasida tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish va uning bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirish taklifi ham ilgari surildi.
Prezident ayrim hududlarda narkotik yetishtirish va tarqatish iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani, ish o‘rinlari yetishmasligi va ijtimoiy tengsizlik oqibatida saqlanib qolayotganini ta’kidlab, narko-trafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusini ham bildirdi. Bunda aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish orqali aholining jinoiy iqtisodiyotga qaramligini kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish taklif etildi.
Qayd etilishicha, forumda hamkor davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlardan 500 ga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda. Davlat rahbari ushbu anjumanda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar insoniyat, millatlar genofondiga tahdid solayotgan narkotiklar muammosiga qarshi birlashish yo‘lida yangi qadam bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, Samarqand deklaratsiyasi xalqlar xavfsizligi, salomatligi va farovonligini mustahkamlashga xizmat qilishi, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Mavzuga oid
19:23 / 17.04.2026
Prezident Sindorovga «Mehnat shuhrati» ordenini shaxsan topshirdi
18:46 / 17.04.2026
Voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchining qonuniy vakili instituti joriy etiladi
18:30 / 17.04.2026
Ruhiy holatida buzilish bo‘lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat tizimi takomillashtiriladi
22:20 / 16.04.2026