Davlat rahbari o‘z nutqida bugungi tahlikali dunyoda uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishning yangi shakllari insoniyat uchun transmilliy tahdidlar ko‘lamini tobora kengaytirayotganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xususiyat kasb etib, jinoiy guruhlar shifrlangan aloqa kanallari, kontaksiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanmoqda. Bu esa narkotiklarga qarshi kurashishda zamonaviy yondashuvlar va yangi yechimlarni talab etmoqda.

Qayd etilishicha, narkobiznes bu faqat giyohvand moddalar aylanmasi emas, bu – milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiradigan manba hamdir.

Jinoiy mablag‘larni yuvishning eng katta qismi bugun aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.

"Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning “moliyaviy arteriya”larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi", dedi prezident.

Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarur.

"Shuningdek, noqonuniy mablag‘lar harakatini dunyo bo‘ylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini joriy qilishni taklif etaman", dedi davlat rahbari.

Prezidentning qayd etishicha, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan, har yili qariyb 600 ming inson ushbu illat qurboniga aylanmoqda. Bu xavf-xatar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotgani, shu bois mamlakatda giyohvandlik va narko-jinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilgani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjati qabul qilingan. Ayniqsa, 2024 yilda narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning qabul qilinishi bu yo‘nalishdagi eng muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi. Shu sa’y-harakatlar natijasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobarga, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobarga, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar esa 7 barobarga oshgani ma’lum qilindi.