Jahon | 10:49 / 23.04.2026
3779
3 daqiqa o‘qiladi

Moldovadagi “asr o‘g‘riligi” ishi: milliarder Plaxotnyuk 19 yilga qamaldi

Kishinyov shahridagi sud Moldova Demokratik partiyasining sobiq yetakchisi va milliarder Vladimir Plaxotnyukni 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. NewsMaker nashrining 22 aprel kungi xabariga ko‘ra, u bank firibgarligi, jinoiy guruh tashkil etish va pul yuvishda aybdor deb topilgan.

Foto: AP

Plaxotnyuk Moldovaning uchta bankidan 1 milliard dollar o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq ishda sheriklikda aybdor deb topilgan. Sud hukmiga ko‘ra, u jazoni yopiq turdagi jazo muassasasida o‘taydi. Shuningdek, undan davlat foydasiga 60 million dollar undirish belgilangan, bu miqdor yetkazilgan zarar, jumladan uch bank faoliyati oqibatlarini ham o‘z ichiga oladi.

Prokurorlar avval Plaxotnyukka 25 yillik qamoq jazosi so‘ragan edi. Uning o‘zi esa aybini tan olmagan. Himoya tomoni hukm ustidan shikoyat qilishini bildirgan va sud jarayoni ko‘plab qonunbuzilishlar bilan o‘tganini aytgan. Sud hukmi ustidan 15 kun ichida Apellyatsiya sudiga shikoyat berish mumkin.

Vladimir Plaxotnyuk 21 iyul kuni Afina aeroportida Dubayga uchmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan, bu Interpol bildirishi asosida amalga oshirilgan. U bir necha oylik yuridik jarayonlardan so‘ng 25 sentabr kuni Moldovaga ekstraditsiya qilingani aytilgan. U “asr o‘g‘riligi” deb ataladigan, 2013 yili Moldova bank tizimidan 1 milliard dollar g‘oyib bo‘lgan ishning asosiy figurantlaridan biri hisoblanadi.

Shu ish bo‘yicha Rossiyada yashirinib yurgan Ilan Shor ham 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingani qayd etilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Plaxotnyuk o‘g‘irlangan mablag‘lardan Shor nazoratidagi kompaniyalar orqali 39 million dollar va 3,5 million yevro olgan.

OAV matnida yana “moldovacha landromat” deb atalgan jinoiy daromadlarni yuvish sxemasi ham tilga olinadi. Unga ko‘ra, Rossiya, Moldova va Boltiqbo‘yi davlatlari banklari ishtirok etgan ushbu sxema orqali Rossiyadan taxminan 22 milliard dollar olib chiqilgan. Bu mablag‘lar Plaxotnyuk ta’siri ostida bo‘lgan Moldova davlat tuzilmalari orqali o‘tgani aytilgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Moldova suvereniteti va mustaqilligini izdan chiqarish, unga putur yetkazish yoki tahdid solishda mas’ul deb topilgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar muddatini uzaytirgan. Bu choralar qo‘llanadigan shaxslar orasida Vladimir Plaxotnyuk ham borligi qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid