Moldova Demokratik partiyasi (DPM) sobiq rahbari, oligarx Vladimir Plaxotnyuk va moldovalik kikbokschi Konstantin Tsutsu Afina aeroportida Dubay (BAA)ga uchayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda Moldovaning Ziarul de Garda (ZdG) gazetasi xabar berdi. Moldova politsiyasi bosh komissari Plaxotnyukning ushlanganini tasdiqladi. Ularning aniqlik kiritishicha, bu haqda Interpol xabar bergan.
ZdG gazetasining yozishicha, bir guruh Moldova fuqarolari Gretsiya orqali tranzit o‘tayotgan bo‘lgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Plaxotnyuk va Tsutsu o‘zgalar nomiga rasmiylashtirilgan pasport bilan sayohat qilgan. DPMning sobiq rahbari Meksika pasportiga ega bo‘lishi mumkin. Tsutsu avvalroq Moldova parlamentining DPMdan a’zosi bo‘lgan.
Plaxotnyuk xalqaro qidiruvda va Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Oligarx 2016 yildan 2019 yilgacha hokimiyatda bo‘lgan DPMni boshqargan. U Moldovaning amaldagi prezidenti Igor Dodonning raqibi edi. Plaxotnyuk Kishinyov parlamenti deputati va mamlakatdagi eng boy tadbirkorlardan biri bo‘lgan.
Vladimir Plaxotnyuk Moldovadan 2019 yilning yozida, DPM muxolifatga o‘tganidan so‘ng darhol qochib ketdi. Shundan so‘ng u partiya raisligidan va deputatlik mandatidan voz kechdi. 2019 yil oktyabr oyida Moldova huquq-tartibot idoralari Plaxotnyukning umumiy qiymati 3 million dollardan ortiq bo‘lgan mol-mulki va bank hisoblarini musodara qildi. Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan tadbirkor xalqaro qidiruvga berilgan.









