Avto | 18:31 / 25.04.2026
3989
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla rulsiz va tepkisiz Cybercab avtomobilini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi

Bu ikki yo‘lovchiga mo‘ljallangan ikki eshikli to‘liq avtonom sedan. Unda nafaqat rul va tepkilar, balki orqa ko‘rish oynalari, eshik tutqichlari va hatto orqa oyna ham yo‘q.

Foto: AP

Tesla rahbari Ilon Mask 2024 yilda ilk bor namoyish etilgan Cybercab elektromobilini ommaviy ishlab chiqarish boshlanganini e’lon qildi. Bu futuristik dizaynga ega robotaksi bo‘lib, tepki va ruldan mahrum, shuning uchun inson uni jismonan boshqara olmaydi.

Shu munosabat bilan milliarder 38 soniyalik video e’lon qildi. Asosan salon ichidan olingan videoda haydovchisiz mashina konveyerdan chiqib, ko‘chaga chiqayotgani ko‘rsatilgan.

Birinchi seriyali nusxa fevral oyida ishlab chiqarilgan. Bu ikki yo‘lovchiga mo‘ljallangan ikki eshikli to‘liq avtonom sedan. Unda nafaqat rul va tepkilar, balki orqa ko‘rish oynalari, eshik tutqichlari va hatto orqa oyna ham yo‘q.

Avtomobilning burchakli shakllari Cybertruck’ga o‘xshaydi, lekin kichikroq. Ikkita katta eshik «chayka qanoti» tamoyili bo‘yicha yuqoriga ko‘tarilib, salonga keng yo‘l ochadi. Old qismida radiator panjarasi yo‘q: uning o‘rniga butun kengligi bo‘ylab ingichka LED chizig‘i bo‘lgan yaxlit panel mavjud.

Mask Cybercab boshqa modellarga qaraganda arzonroq bo‘lishini aytdi. Aniq narx hozircha noma’lum, biroq avvalroq u 30 ming dollardan kamroq qiymat haqida gapirgan edi.

Eng qizig‘i, kompaniya hali AQSh hududida bunday mashinalardan foydalanish uchun ruxsat olmagan. Bundan tashqari, avtonom haydash tizimi hali to‘liq tayyor emas, busiz avtomobil foydasiz bo‘ladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid