Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tuapsega navbatdagi hujum: portda – kuchli yong‘in, shaharda – tutun va qurum
Rasmiylar vaziyat haqida sukut saqlamoqda, holatni yoritish uchun borgan jurnalist politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Shu bilan birga, port atrofida yashovchi aholini evakuatsiya qilish boshlangan.
Foto: Exilenova+
Ukrainalik harbiylar 28 aprelga o‘tar kechasi Tuapse portidagi neft quyish infratuzilmasiga dronlar orqali zarba yo‘lladi. Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi hujum oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Portda dronlar qulashi oqibatida kuchli yong‘in boshlangan. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarga ko‘ra, bu joydan ko‘tarilgan tutun bir necha soat ichida kamida 140 kilometr masofaga tarqalgan.
Region gubernatori Veniamin Kondratev telegramdagi kanalida rasmiylar «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» terminalga yaqin joylashgan uylar aholisini evakuatsiya qilish boshlangani haqida xabar bergan. Ular vaqtincha maktab binosiga joylashtiriladi. Mahalliy «Kuban Inform» nashri yozishicha, 28 aprel kuni shahardagi barcha maktablarda mashg‘ulotlar bekor qilingan, bolalar bog‘chalarida esa faqat navbatchi guruhlar ishlagan.
Shu bilan birga, yong‘in o‘chirilayotgani haqida ham, shahardagi ekologik holat haqida ham deyarli hech qanday rasmiy tezkor ma’lumot berilmadi. Kondratevning telegram-kanalida tongda dronlar hujumi fakti tasdiqlangan va aholi evakuatsiyasi haqidagi birgina post chiqqan.

Region tezkor shtabi bu xabarni repost qilish bilan cheklangan va shundan keyin vaziyat haqida yangilangan ma’lumotlarni e’lon qilmagan. Tuapse shaharchasi rahbari Sergey Boyko Kondratevning xabarini repost qilishdan tashqari, port atrofidagi ko‘chalarda yashovchi kishilarni evakuatsiyaga chorlashga qaratilgan postini e’lon qilgan. Rospotrebnadzorning mahalliy bo‘limi esa «yong‘in va mavjud xavf-xatarlar» sharoitida nima qilish kerakligi haqidagi tavsiyalar berilgan eslatmani joylashtirgan. Bu bazaviy maslahatlarning qisqacha to‘plamidir: oynani ochmaslik, imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik, xona havosini tez-tez namlantirib turish.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham matbuot vakillari uchun brifingda Tuapseda nimalar bo‘layotgani haqida gapirishdan bosh tortib, «Kiyev rejimi zarbalari oqibatida zararlangan joylar haqidagi har qanday ma’lumot – yopiq». «Oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur darajada choralar ko‘rilmoqda», – degan Kreml vakili umumiy qilib.
Shu bilan birga, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi ekologik vaziyat og‘ir. «Kedr» nashri muxbiri Anastasiya Troyanova xabar berishicha, Tuapse daryosida suv rangidan keskin farqlanadigan va neft mahsulotlarini eslatuvchi qoramtir oqimlar ko‘zga tashlangan.
Tun qo‘rqinchli bo‘ldi. Hozir shahar uzra ulkan qora tutun ustunlari turibdi. Kuyindi hidi anqigan. Shu bilan birga, odamlar respiratorlarsiz yoki oddiy tibbiy niqoblarda yurishibdi. Ular hidni sezishmayotganini aytishadi: bu juda xavfli, chunki shunday qilib zaharlanib qolish mumkin. Shamol yordam bermoqda: u tutunni biroz bo‘lsa-da tarqatadi. Ammo uch kundan buyon shu yerda bo‘lgan odam sifatida aytishim mumkinki, menda allaqachon yo‘tal va kon’yunktivit bor.
Bu xabaridan ko‘p vaqt o‘tmay Troyanova bilan aloqa uzilib qolgan – u tahririyatdagilarga o‘zini noma’lum shaxslar qo‘lga olayotganini xabar qilishga ulgurgan. Keyinroq jurnalist politsiya bo‘limidan topildi – u yerdagilar u bilan «suhbat o‘tkazilgani»ni ma’lum qilishgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Tuapsedagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilinganini tasdiqlab, zarba Rossiyaning «harbiy-iqtisodiy salohiyatini pasaytirish doirasida» berilganini qayd etdi. Idoradagilar zavoddan «Ukraina hududidagi Rossiyaning ishg‘olchi armiyasiga ta’minot yetkazishda foydalanilishi»ni ta’kidlagan.

Bu aprel oyi boshidan buyon Ukrainaning Tuapsega hujumi oqibatida portda kuchli yong‘in chiqishi va jiddiy ekologik oqibatlar yuzaga kelishi bilan bog‘liq uchinchi holat bo‘lmoqda. Undan oldingi ikki hujum 16 va 20 aprel kunlari amalga oshirilgan, ikki holatda ham dronlar portdagi infratuzilmalardan tashqari fuqarolik binolariga ham zarba bergandi. Bu hujumlar oqibatida uch kishi halok bo‘lib, o‘n kishi yaralangan.
PlanetLabs
Portda chiqqan birinchi yong‘inni o‘chirishga uch kun ketgan, shundan keyin Qora dengizda 10 ming metr kvadrat maydonda neft dog‘i aniqlangan. Ikkinchi yong‘inni esa qariyb besh kun davomida o‘chirishdi. Bu vaqt ichida shahar havosi sifati keskin yomonlashdi va «neft yomg‘iri» yog‘di.
Shahar aholisi vakillari ko‘chalarda qurum bosgan uy hayvonlari va qora ko‘lmaklarning suratlarini e’lon qilgan. Ular rasmiylar vaziyat o‘zgarishi, xususan, havodagi zararli moddalar miqdori haqida deyarli ma’lumot bermayotganidan shikoyat qilishgan.
Mavzuga oid
20:54 / 28.04.2026
Zelenskiy Isroilni o‘g‘irlangan donni sotib olishda aybladi
21:16 / 27.04.2026
Ukraina YeI a’zosi bo‘lish uchun o‘z hududlaridan voz kechishiga to‘g‘ri keladi – Mers
17:40 / 27.04.2026
“Rossiya jamiyatida urushga nisbatan charchoq ortib boryapti” - siyosatshunos
17:10 / 23.04.2026