Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Permda ham Ukraina hujumidan keyin «neft yomg‘iri» yog‘di
Perm chekkasida «Transneft» kompaniyasiga tegishli obekt zarba ostida qolgan. Ukraina dronlari Orenburg oblastiga ham hujum qilgan. Tuapseda esa yong‘in davom etmoqda.
Exilenova+
Ukraina qurolli kuchlari 29 aprelga o‘tar kechasi Perm o‘lkasiga hujum qildi. Region gubernatori Dmitriy Maxoninning so‘zlariga ko‘ra, shahar chekkasidagi Perm munitsipal okrugida joylashgan sanoat hududu zarba ostida qolgan. Korxona hududida yong‘in chiqqan, ishchilar evakuatsiya qilingan, yaralanganlar yo‘q, deya ma’lum qilgan o‘lka rahbari.
Ukrainadagi Exilenova+ telegram-kanali hamda Rossiyaning Astra nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Transneft» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan obekt hujumga uchragan. Ma’lum bo‘lishicha, bu Bashkultayevo qishlog‘i yaqinidagi «Perm» ishlab chiqarish-dispetcherlik stansiyasi bo‘lib, undan magistral quvurlar orqali neftni qabul qilish, saqlash va uzatish uchun foydalaniladi. Bu Perm – Almetevsk neft quvurining bir qismi bo‘lib, stansiya «Transneft — Prikame» kompaniyasiga tegishli hisoblanadi, deya yozadi «Agenstvo». Aynan mazkur stansiya zarbaga uchragani rasman tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, FIRMS sun’iy yo‘ldosh monitoringi loyihasi ma’lumotlari bu joyda yong‘in sodir chiqqanini ko‘rsatadi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, dronlardan biri yaqin atrofdagi Mokino qishlog‘iga qulagan.

Yong‘in tufayli Perm osmonini quyuq qora tutun qopladi.

Guvohlarning aytishicha, shaharga «neft yomg‘iri» ham tushgan, natijada avtomobillar, binolar derazalari, kiymlar va odamlarning terisida qora dog‘lar paydo bo‘lgan. «Perm 36,6» telegram-kanali yozishicha, mazkur holatga qaramay, Permdagi maktablar va bolalar bog‘chalari odatiy rejimda ishlashda davom etgan.
Ukraina dronlari 29 aprelga o‘tar kechasi Orenburg oblastiga ham hujum qilgan. Region gubernatori Yevgeniy Solnsev rasmiy xabarida faqat bir necha sanoat korxonalari zarbaga uchragani, jabrlanganlar yo‘qligini aytgan.
Astra nashri aniqlashicha, Orskdagi «Orsknefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilingan. FIRMS ma’lumotiga ko‘ra, zavod hududida yong‘in yo‘q, ammo Orsk yaqinidagi Novotroitskda (bu yerda «Uralskaya stal» kompaniyasi ishlab chiqarish korxonasi joylashgan) yirik alanga kuzatilgan. Bu yong‘in dronlar hujumi bilan bog‘liqligi aniq emas.
Mahalliy politsiya Qozog‘iston g‘arbidagi Aqto‘be oblastida (Orenburg oblasti bilan chegaradosh) qulagan dron parchalarini aniqlagan. Ushbu parchalar aholi yashash manzilidan tashqariga qulagan.
Orsk shahri xuddi Perm kabi Ukraina bilan chegaradan 1500 kilometr masofada joylashgan. Ukraina pilotsiz tizimlari kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi (Madyar) yaqinda BBC uchun bergan intervyusida bugungi kunda Rossiya 1500-2000 kilometr masofadagi ichki hududlari endi «front ortidagi tinch hudud» hisoblanmasligini aytgandi. O‘tgan shanba kuni, 25 aprelda Ukraina qurolli kuchlari ilk bor Ukraina chegarasidan 1700 kilometr masofada joylashgan Yekaterinburg shahriga dronlar bilan hujum qilgandi.
Tuapsedagi neft zavodida chiqqan yong‘in aholi uylariga o‘tdi
Krasnodar o‘lkasining Tuapse shahrida 29 aprel kuni ham bir kun oldin Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodiga qilgan hujumi oqibatida chiqqan yirik yong‘inni o‘chirish ishlari davom etdi.
28 aprel kuni FVV yong‘in vaqtida rezervuarlardan biridan qaynab turgan neft ko‘chaga sizib chiqishi oqibatida bir necha avtomobil shikastlangani haqida xabar bergandi. Yong‘in chiqqan obekt atrofidagi ko‘chalardan 60 ga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.
29 aprelga o‘tar kechasi zavoddagi yong‘in uning yonidagi ikki qavatli turar joy binosiga ham o‘tgan. Binoda odamlar bo‘lmagan. Yong‘in ushbu binodagi 150 metr kvadrat maydonni qamrab olgan, uni o‘chirishga ikki soat vaqt ketgan.
Region rasmiylari 29 aprel kuniga kelib neftni qayta ishlash zavodidagi yong‘in tarqalishi nazoratga olinganini ma’lum qildi. Yirik yong‘inni o‘chirish ishlariga 300 dan ortiq kishi jalb etilgan. Shu bilan birga, guvohlar tomonidan olingan foto va videolarga qaraganda, yong‘in tufayli Tuapse osmoniga qora tutun ko‘tarilishi davom etmoqda. Bu fonda Tuapsedagi maktablar va o‘quv markazlarida mashg‘ulotlar bekor qilingan.
RF prezidenti Vladimir Putin 28 aprel kuni ilk marta Ukrainaning Tuapsedagi neft infratuzilmasiga bergan zarbalari yuzasidan izoh berdi. «Fuqarolik infratuzilmasiga dronlar orqali hujumlar tobora ko‘paymoqda. Mana oxirgi misol – Tuapsedagi energetika obektlariga berilgan zarbalar, bu esa jiddiy ekologik oqibatlarga olib kelishi ham mumkin. To‘g‘ri, gubernator hozirgina shunday hisobot berdi: unga ko‘ra, jiddiy tahdidlar yo‘q, odamlar duch kelayotgan muammolar joyida hal etilmoqda», – dedi Putin.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 29 aprel kuni «Kiyev rejimining Tuapsega hujum qilishdek jinoiy harakatlari» xalqaro bozorda neft taqchilligini «qo‘zg‘atishi»ni aytib o‘tdi. U Kiyev Rossiyaning neft eksportiga to‘sqinlik qilish maqsadida Tuapsega zarba berayotganini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
20:02 / 29.04.2026
Zelenskiy Rossiyaga zarba berish masofasi uzayganini ma’lum qildi
21:42 / 28.04.2026
Tuapsega navbatdagi hujum: portda – kuchli yong‘in, shaharda – tutun va qurum
20:54 / 28.04.2026
Zelenskiy Isroilni o‘g‘irlangan donni sotib olishda aybladi
21:16 / 27.04.2026