Jahon | 20:35 / 30.04.2026
6092
10 daqiqa o‘qiladi

Tashiyevga ikkita modda bo‘yicha ayblov e’lon qilindi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyevga Jinoyat kodeksining birato‘la ikki moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. U mamlakat prezidenti Sadir Japarovning yaqin safdoshi edi, ammo so‘nggi uch oy ichida avvaliga yuqori lavozimidan ayrildi, endi esa jinoiy ish figurantiga aylandi.

Foto: KYRGYZSTAN STATE COMMITTEE FOR NATIONAL SECURITY

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev hokimiyatni kuch bilan egallab olish hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblanmoqda. Bu haqda uning advokati Ikromiddin Aytqulov Kaktus.Media nashriga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, siyosatchigaga nisbatan «hech qayoqqa ketmaslik to‘g‘risida tilxat» ehtiyot chorasi tanlangan. Ishni Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi tergov qilmoqda.

Qirg‘iziston IIV hozircha bu haqda rasman xabar bermagan.

Advokat o‘z mijozi qo‘yilgan ayblovni tan olmaganini ma’lum qilgan.

29 aprel kuni Tashiyev vazirlikning bosh tergov boshqarmasiga ikki marta so‘roq uchun chaqirilgani xabar qilingandi. Tundagi ikkinchi so‘roqdan keyin unga nisbatan ayblov e’lon qilingani haqidagi ma’lumot tasdiqlandi.

Tashiyevning o‘zi esa aybsizligini va sud adolatli qaror qabul qilishiga ishonishini aytmoqda. Siyosatchi o‘z tarafdorlarini qonun doirasida harakat qilishga va namoyishlar uyushtirmaslikka chaqirgan.

«Men o‘zimga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan sizlarga murojaat qilishim kerak deb hisobladim. Ushbu jinoiy ishda o‘zimni to‘laqonli himoya qilish imkoniyatiga egaman. Men aybdor emasman va, Xudo xohlasa, oqlanaman. Aybdorlar jazolanadi, aybsizlar oqlanadi, chunki davlatimiz rahbari mamlakatimizda adolatli sud tizimini yaratish uchun harakat qilmoqda», – deya yozgan siyosatchi Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Japarov va Tashiyev tandemi

Hozirda 57 yoshda bo‘lgan Qamchibek Tashiyev o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning yaqin safdoshlaridan bo‘lib kelgan. Japarov 2020 yil oktyabrida hokimiyatga kelganida Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari va bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Oldingi prezidentlar davrida Tashiyev ham Japarov kabi muxolifatda edi. 2010-yillarda ularning ikkisi ham hokimiyatni egallab olishga urinish bo‘yicha ishda figurantga aylanishgan va sud jarayonlari chog‘ida hibsda bo‘lishgan.

Tashiyev so‘roqqa chaqirilishi va unga nisbatan ayblov e’lon qilinishidan bir necha kun oldin, 25 aprel kuni parlament deputati Elvira Surabaldiyevaning u haqdagi intervyusi chiqqandi. Deputat jurnalistlarga Tashiyevning fevral oyida lavozimdan olinishi uning davlat to‘ntarishiga urinishni uyushtirishga aloqadorligi bilan bog‘liq ekanini aytgan.

«Prezident – bag‘ri keng odam. Prezidentga hozir juda qiyin, chunki yaqin do‘sti uni lavozimidan chetlatishga uringan. Katta ehtimol bilan, bu Tashiyev ishdan bo‘shatilishining asosiy sababi bo‘lgan», – degan deputat.

Deputatning so‘zlari jamoatchilikning g‘azabini qo‘zitdi. Qirg‘izistonliklar ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishda ayblanib, o‘nlab fuqarolar – faollar, jurnalistlar va hokimiyat tanqidchilari jazolangan bir paytda prezidentga yaqinligi Tashiyevga jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish imkonini berishi mumkinligidan g‘azab otiga minishdi.

Shundan keyin Japarov ham mahalliy nashrlarga bergan intervyusida Tashiyevning iste’fosi va parlamentdagi siyosiy intrigalarga izoh berib, vaziyatni avvalboshdan nazorat qilgani, qonun oldida yaqin do‘stlari va qarindoshlari ham teng ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Tashiyevning davlat to‘ntarishiga urinishga aloqasi bor-yo‘qligini tergov va sud aniqlashini bildirdi.

Davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lganmi?

Qirg‘izston konstitutsiyasining oldingi tahriri bo‘yicha prezident 6 yil muddatga va bir marta saylanishi belgilangandi. 2020 yil kuzidagi namoyishlar orqali hokimiyatga kelgan va bir muddat vazifa bajaruvchi sifatida davlatni boshqargan Sadir Japarov 2021 yil yanvaridagi saylovlarda g‘olib chiqib, rasman prezidentlikka saylandi.

O‘sha yil aprelida o‘tkazilgan referendum orqali mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilib, mamlakat sof prezidentlik respublikasiga aylantiriladi, bundan tashqari, prezident vakolat muddati 5 yilga qisqartiriladi, shu bilan birga, bir kishi ikki marta saylanishi mumkinligi belgilab qo‘yiladi.

Sadir Japarovning 6 yillik prezidentlik muddati 2027 yil yanvarida tugashi kerak, lekin o‘sha referendumdagi o‘zgarishlar tufayli u endi ikkinchi muddatga ham o‘z nomzoni qo‘yish imkoniyatiga ega.

Navbatdagi saylovlarga bir yil vaqt qolganida Japarov o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga kirishdi. Bu vaqtda Tashiyevning aholi orasidagi nufuzi ortib borayotgandi. Xalqaro respublika instituti o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Tashiyevning reytingi so‘nggi yillarda 14 foizdan 22 foizgacha oshgan, bu vaqtda prezident Japarovga bo‘lgan ishonch darajasi esa 35-38 foiz darajasida saqlanib qolgan.

Mamlakatda hali rasman prezidentlik poygasi boshlanmadi, ammo ayrim siyosatchilar allaqachon muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazish tashabbusini ilgari sura boshladi.

9 fevral kuni, Tashiyev ishdan bo‘shatilishidan bir kun oldin Japarov va Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uuluga «zudlik bilan yangi prezidentlik saylovini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish» haqidagi murojaat kelib tushadi. Hujjatni 75 kishi imzolagan, ular orasida mamlakatning sobiq bosh vazirlari, parlamentning sobiq deputatlari va jamoat arboblari bor edi.

Shundan keyin Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi, ushbu murojaatni imzolaganlardan bir necha nafari qo‘lga olindi. Ular orasida Tashiyevning tarafdorlari ham bor edi.

10 fevral kuni Tashiyev lavozimidan ozod etiladi. Sadir Japarov bu qarorini jamiyatdagi bo‘linishning oldini olish istagi bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, nizo parlamentda chiqqan: u yerda deputatlarni taraflarga ajratish, «general» bilan qo‘rqitish, keyin esa muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish uchun imzo to‘plash boshlangan.

«Men ushbu tezkor qarorim bilan, aksincha, do‘stimni asrab qoldim deb hisoblayman. Chunki uning yonida bo‘lganlar… do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishgan… Bu davlat apparati xodimlari va jamiyat orasida bo‘linishlarga, shuningdek, ehtimoliy to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin edi.

Konstitutsiya prezident zimmasiga davlat yaxlitligini, xalq va davlat xizmatchilarining birligini saqlash majburiyatini yuklaydi. Men bu majburiyatni qat’iy bajardim. Chunki davlat va butun xalq manfaatlari lavozimlardan ham, do‘stlikdan ham ustundir», – degandi Japarov.

Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Harbiy tibbiyot xizmati binosi ochilishida Qamchibek Tashiyevning qo‘lini siqib turibdi, 2026 yil yanvar
KYRGYZSTAN STATE COMMITTEE FOR NATIONAL SECURITY

Tashiyevlarga qarshi jinoiy ish

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ekanida Qamchibek Tashiyev xalq orasida korrupsiyaga qarshi otashin kurashchi sifatida shuhrat qozongandi. Uning boshqaruvi davrida davlat qo‘mitasi korrupsiya holatlari bo‘yicha o‘nlab ishlar ochgan va yuqori martabali mulozimlarni jinoiy javobgarlikka tortgan.

Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi mamlakatda «qusturizatsiya» (boshqacha aytganda, «qustirish»), ya’ni korrupsiya yoki soliqlarni to‘lamaslik holatlari bo‘yicha davlatga pul mablag‘larini qaytarish kampaniyasini olib bordi. Tashiyevning o‘zi ushbu kampaniya doirasida besh yilda davlat budjetiga 300 milliard som, ya’ni 34 mln dollar tushirilganini aytgan.

Ammo u davlat qo‘mitasi rahbarligidan ketgach, Tashiyevlar oilasining o‘zi korrupsiya mojarosi markazida qoldi. Soliq xizmati Tashiyevning qarindoshlarini «Qirg‘izneftgaz» davlat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yoqilg‘ini sotishda davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda aybladi.

Mart oyi o‘rtalarida korrupsiya ishi doirasida uning qarindoshlaridan biri Baygazi Matisakov qo‘lga olindi, tergov versiyasiga ko‘ra, u «Qirg‘izneftgaz» yoqilg‘isini qayta sotish bilan shug‘ullangan kompaniyalardan biriga rahbarlik qilgan.

Ushbu sxema doirasida yetkazilgan zarar miqdori 4,1 milliard som, ya’ni 46 mln dollarga baholangan. Matisakov bilan birgalikda «Qirg‘izneftgaz»ning sobiq top-menejerlari hamda boshqa kompaniyalarning rahbarlari ham qo‘lga olingan.

Bir necha hafta o‘tib, 1 aprel kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisining ukasi va parlamentning sobiq deputati Shoirbek Tashiyev ham ushbu ish figurantiga aylandi. U 16 mayga qadar hibsga olingan. U ham Tashiyevlar oilasining boshqa a’zolari kabi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga iqror emasligini bildirgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid