Iqtisodiyot | 12:01
1823
3 daqiqa o‘qiladi

Eng ko‘p soliq va bojxona imtiyozini olgan kompaniyalar ma’lum qilindi

​​​​​​​2025 yilda O‘zbekistonda 178 trln so‘mdan ko‘proq soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi. Xususan, Uzbekistan GTL 2,8 trln so‘mlik, Uzbekistan Airways 2,4 trln so‘mlik, O‘zbekneftgaz esa 1,7 trln so‘mlik soliq imtiyozidan foydalangan. Tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi UzGasTrade’ga eng ko‘p bojxona imtiyozlari berilgan – 2,1 trln so‘m. Shuningdek, temiryo‘l relslari uchun temirbeton shpal ishlab chiqaruvchi RWS Optimum – 1,4 trln so‘mlik, Enter Engineering Qorao‘zak IES 1,1 trlnlik bojxona imtiyozidan bahramand bo‘lgan.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Soliq va Bojxona qo‘mitalaridan olingan ma’lumotlar asosida soliq to‘lovchilarning 2025 yil yakuni bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish holatlarini tahlil qildi.

O‘tgan yilda umumiy soliq va bojxona imtiyozlari qiymati 178,1 trln so‘mni (2023 yilda 127,1 trln so‘m, 2024 yilning birinchi yarmida 63,4 trln so‘m) tashkil etgan. Ya’ni shuncha mablag‘ korxona va tashkilotlarning ixtiyorida qoldirilgan.

178,1 trln so‘m imtiyozdan 119 trln so‘m soliq, 59,1 trln so‘mini bojxona imtiyozlari tashkil etadi.

Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari hamda banklardan tashqari eng ko‘p imtiyozdan foydalangan tashkilot – Uzbekistan GTL. Kompaniyaga 2,8 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Keyingi o‘rinlarda Uzbekistan Airways (2,4 trln so‘m) va O‘zbekneftgaz (1,7 trln so‘m). Kuchli beshlikdan O‘zbekiston temiryo‘llari (1,1 trln so‘m) hamda UzAuto Motors (899 mlrd so‘m) ham joy olgan.

O‘zbekistonda tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi UzGasTrade 2025 yilda eng ko‘p bojxona imtiyozlaridan foydalangan – 2,1 trln so‘m. Shuningdek, temiryo‘l relslari uchun temirbeton shpal ishlab chiqaruvchi RWS Optimum’ga – 1,4 trln so‘m, Enter Engineering Qorao‘zak IES’ga 1,1 trln so‘m imtiyoz berilgan.

Doimiy ravishda bojxona imtiyozidan eng ko‘p foydalangan 5 ta tashkilotning 4 tasi Enter Engineering’ga aloqador tuzilmalar. Ular 1,8 trln so‘mdan ortiq imtiyozdan foydalangan.

Shuningdek, 2025 yil davomida Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurlari tarmog‘ining O‘zbekistondan o‘tgan qismi operatori – Asia Trans Gas 860 mlrd so‘mlik, My Freighter MChJ 660 mlrd so‘mlik, Humo to‘lov tizimi 542 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan, Trest 12 qurilish kompaniyasi  519 mlrd so‘mlik, Gorilla Energy MChJ esa 414 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozidan bahramand bo‘lgan.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid