Sport | 20:26
3277
3 daqiqa o‘qiladi

Sindorov rapid shaxmatda Gukeshga yutqazdi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Polsha poytaxti Varshavada o‘tayotgan turnirda rapid shaxmatda hindistonlik Gukesh Dommarajuga yutqazdi.

Foto: Instagram / grandchesstourofficial / Lennart Ootes

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Polsha poytaxti Varshavada o‘tayotgan Grand Chess Tour: Super Rapid & Blitz turnirida rapid shaxmatda hindistonlik Gukesh Dommarajuga yutqazdi.

Shaxmatning rapid turida har bir ishtirokchiga 25 daqiqa vaqt va har bir yurishdan so‘ng 10 soniya qo‘shib beriladi. Bunday vaqt cheklovi jiddiy o‘ylash uchun kam vaqt qoldiradi va aksariyat qarorlar reflekslar asosida qabul qilinadi, variantlarni hisoblash tezligi va sezgi birinchi o‘ringa chiqadi.

Sindorov va Gukesh bahsi shaxmat ishqibozlarining e’tibori markazida bo‘ldi. Chunki 20 yoshli grossmeysterlar shu yil oxirida klassik shaxmatda jahon toji uchun kurash olib boradi. Bu o‘zbekistonlik shaxmatchining Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyin Gukesh bilan ilk yuzma-yuz o‘yini edi. Ularning shaxmat toji uchun o‘tkazadigan matchiga taxminan yarim yil vaqt qolgani sababli bu partiya ruhiy ustunlik uchun erta boshlangan kurash sifatida ham ko‘rildi.

Javohir musobaqani yaxshi boshlab, peshqadamlar safidan joy olganidan so‘ng, 6 may kuni o‘tkazilgan partiyalarning barchasini yutqazdi — Uesli So (AQSh), jahon chempioni Dommaraju Gukesh (Hindiston) va Maksim Vashe-Lagravga (Fransiya).

Ayni paytda u 4 ochko jamg‘arib, Alirizo Firuzja bilan 8-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Turnirda 9 ochkodan jamg‘argan amerikaliklar – Hans Nimann va Uesli So peshqadamlik qilmoqda.

Super Rapid & Blitz Poland 2026 musobaqasi 5−10 may kunlari bo‘lib o‘tadi va Grand Chess Tour yangi mavsumini ochib berdi. Varshavadan keyin musobaqa Buxarestdagi (Ruminiya) klassik turnir, Zagrebdagi (Xorvatiya) tezkor shaxmat bosqichi, Sent-Luisdagi ikkita turnir va AQShda o‘tadigan final bilan davom etadi.

Turnirning mukofot jamg‘armasi 200 ming dollarni tashkil etadi. G‘olib 50 ming dollar oladi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun esa mos ravishda 40 va 30 ming dollar mukofot belgilangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid