Jahon | 20:44
5257
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «sulh»ning birinchi kunida Rossiya bo‘ylab yuzlab dron uchirdi 

9 may arafasida Rossiya va Ukraina bir-birini o‘qqa tutishda davom etmoqda.

Foto: Reuters

Moskva vaqti bilan 8 mayga o‘tar kechasi RF mudofaa vazirligi bir tomonlama tartibda e’lon qilgan ikki kunlik «sulh» kuchga kirdi. Rossiya harbiy idorasi Ukrainadan ushbu otashkesimga qo‘shilishni talab qildi va aks holda Kiyev bo‘ylab zarbalar berish bilan tahdid qildi. Ukraina qurolli kuchlari esa bu talabni e’tiborsiz qoldirdi.

RF mudofaa vazirligi «maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilayotgan hududdan tashqarida» ukrainlarning 390 dan ortiq droni hamda uzoq masofaga harakatlanuvchi «Neptun» raketalari urib tushirilganini da’vo qilmoqda.

Permda «Lukoyl-Permnefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodi zarba ostida qolgan – so‘nggi ikki hafta ichida uchinchi marta. Yaroslavlda dronlar «Slavneft‑YaNOS» neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan. Har ikki korxonada yong‘in chiqqan, jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Moskva shahri meri Sergey Sobyanin tunda shaharga uchib kelayotgan dronlar yo‘q qilinayotgani haqida bir necha xabar yozib qoldirgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, jami 27 ta dron urib tushirilgan.

Dronlar hujumidan nisbatan eng jiddiy oqibatlar Rostovda qayd etilgan. Dronlardan biri «Aeronavigatsii Yuga Rossii» filialiga urilgan, bu esa Rostov aviauzeli dispetcherlari faoliyatini ishdan chiqargan. Rosaviatsiya mamlakat janubida parvozlar taqiqlanishi haqida ogohlantirdi.

Mintaqadagi 13 ta aeroport – jumladan, Sochi, Krasnodar va Volgograd aeroportlari – bir necha soat davomida ishlamay turdi. O‘nlab reyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi, minglab yo‘lovchilar aeroportlarda qolib ketdi.

Moskva vaqti bilan soat 15:00 dan keyin parvozlarga taqiq yechildi, yopilgan aeroportlar faoliyati bosqichma-bosqich tiklandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa tun bo‘yi Rossiya armiyasi Ukraina pozitsiyalari bo‘ylab zarbalar berishni davom ettirganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, front chizig‘iga yaqin hududlarda 140 dan ortiq otishma va 10 marta shturm harakatlari qayd etilgan, shuningdek, Rossiya armiyasi tomonidan 850 dan ortiq dron uchirilgan.

«O‘tgan kun yakunlari bo‘yicha bo‘lgani kabi, bugungi kun yakunlari bo‘yicha ham Ukraina aynan shunday harakat qiladi. Biz o‘z pozitsiyalarimizni va odamlar hayotini himoya qilamiz. Rossiya o‘z urushini yakunlashi kerak, tinchlik sari harakat boshlansa, bu har bir kishiga yaqqol seziladi», – degan Zelenskiy.

U 7 may kungi murojaatida boshqa davlatlar rahbarlarini 9 may kuni Moskvadagi paradga kelmaslikka chaqirgandi.

«Rossiyaga yaqin bo‘lgan ba’zi davlatlardan ularning vakillari Moskvaga kelmoqchi ekani haqida murojaatlar olyapmiz. G‘alati istak... shunday kunlarda. Buni tavsiya qilmaymiz», – degandi Ukraina prezidenti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid