Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat ramzlarini tayyorlash, saqlash va yo‘q qilish tartibi ishlab chiqildi
Davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ikki oy muddatda o‘z ixtiyorida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini xatlovdan o‘tkazadi. Xatlov natijalariga ko‘ra talablarga javob bermaydigan, shu jumladan foydalanish uchun yaroqsiz xolga kelgan davlat ramzlari almashtiriladi va belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Adliya vazirligi «O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini tayyorlash, saqlash va yo‘q qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Hujjat loyihasi bilan Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi tasviri hamda Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrlar va hujjatlar blankalarini tayyorlash, foydalanish, saqlash va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanishi kutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ikki oy muddatda o‘z ixtiyorida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini xatlovdan o‘tkazadi.
Xatlov natijalariga ko‘ra belgilangan talablarga javob bermaydigan, shu jumladan foydalanish uchun yaroqsiz xolga kelgan O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari almashtirilishi va belgilangan tartibda yo‘q qilinishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrlar va hujjatlar blankalari mazkur qarorning talablariga qat’iy rioya etgan holda tayyorlanishi va foydalanilishini ta’minlaydi.
Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini yo‘q qilish:
davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida saqlanayotgan davlat ramzlari bo‘yicha ushbu organlarning o‘zi tomonidan;
jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslarda saqlanayotgan davlat ramzlari bo‘yicha ularni istalgan tuman (shahar) ichki ishlar organiga topshirish orqali ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.